Suriyadan 93 nafar o‘zbekistonlik qaytarildi (video)

Jamiyat

Barchamizga ma’lumki, Yaqin Sharqdagi Suriya va Iroq davlatlarida notinchlik va jangovar harakatlar ko‘p yillardan beri davom etmoqda. O‘zbekiston o‘zga yurtlarda qiyin ahvolga tushib qolgan, yot g‘oyalar ta’sirida xorijga chiqib, turmush o‘rtoqlari, ota-onalaridan ayrilib qolgan vatandoshlarning qadr-qimmati va manfaatlarini himoya qilib, ularni Vatanga qaytarish uchun maxsus operatsiyalar o‘tkazyapti.

Kecha, 30 aprel kuni shunday operatsiyalarning navbatdagi – “Mehr-5” amalga oshirildi. Mazkur insonparvarlik operatsiyasi natijasida urush harakatlari davom etayotgan Suriyadagi 93 nafar o‘zbekistonlik ayol va bolalar olib kelindi.

Maxsus reysni kutib olishda ishtirok etgan QALAMPIR.UZ muxbiri Umidjon Nozimjonovning so‘zlariga ko‘ra, urush harakatlari davom etayotgan “qaynoq nuqta”lardan olib kelingan 69 nafar bolaning 7 nafari chin yetimlardir. Suriyadan olib kelingan shaxslarning 24 nafari ayollar.

Samolyotdan tushayotgan ayollarning ko‘zida yosh. Ular Vatanga eson-omon qaytganiga shukronalik bildirmoqda.

Maxsus reysni kutib olish uchun Toshkent xalqaro aeroportida hozir bo‘lgan Toshkent shahar bosh imom xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov operatsiya oson kechmaganini aytib o‘tdi.

“Shu o‘rinda xalqimiz bir narsani bilishi kerakki, bu xamirdan qil sug‘irganday oson bo‘lgani yo‘q. Bu davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlarining topshiriqlariga ko‘ra mas’ul tashkilotlar bilan birga ishlangan holda amalga oshirildi. Mas’ul xodimlar “qaynab” turgan hududlardan O‘zbekiston fuqarolarini Vatanga olib kelishdi. Bu ish oson kechgani yo‘q. Shu o‘rinda bir ahli ilm sifatida ko‘rsatilayotgan mana shunday e’tibor uchun avvalo Prezidentimizga va ushbu operatsiyada ishtirok etgan har bir mas’ulga alohida minnatdorchilik bildirishimiz kerak”, dedi Nuriddin domla Xoliqnazarov.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minxojiddin Xojimatov ham “Mehr-5” inonparvarlik operatsiyasi borasidagi fikrlarini bildirib, Suriyadan qaytarilgan o‘zbekistonliklar boshqa olamga tushayotganini ta’kidladi. U bolalar maktabdan, ilmdan yiroqda o‘sib kelayotganini urg‘uladi.

“Ular hozir boshqa olamdan umuman bir boshqa olamga tushyapti. Balki bu bolalar bog‘cha nimaligini, maktab nimnaligini yoki tiniq osmon nimaligini ko‘rgani yo‘qdir. Ammo, bizning muallimlarimiz ularni o‘qitish uchun tayyor bo‘lib turishibdi. Hayotda o‘zlarini ruhiy holatlarini tiklab olish uchun eng kuchli psixologlarimiz kutib turibdi. Shu bilan birgalikda ularni O‘zbekistonning mehri kutib turibdi. Men o‘ylaymanki, mehr har qanday adashgan insonni to‘g‘ri yo‘lni topishiga yordam beradi”, dedi Minxojiddin Xojimatov.

Endilikda bu ayollar va bolalar Toshkent viloyatidagi “Bo‘ston” sanatoriyasiga joylashtiriladi hamda ularga tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshiriladi. 

Eslatib o‘tamiz, “Mehr” operatsiyasi ilk marta 2019 yilning may oyida o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, 156 nafar o‘zbekistonlik, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan Vatanga qaytarilgan. Ular 30 may kuni maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelingan.

Shuningdek, “Mehr-2” operatsiyasi o‘tgan yilning oktyabr muvaffaqqiyatli yakunlangan. 10 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan o‘zbekistonlik 64 nafar begunoh bola maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelingandi. Iroq davlati hukumati va YUNISEF Xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda ona Vataniga qaytarilgan bu bolalar Iroq davlati hududida og‘ir sharoitda yashayotgan edi.

“Mehr-2” insonparvarlik amaliyoti doirasida olib kelingan 39 o‘g‘il va 25 qiz bolaning orasida 14 nafar 3 yoshgacha bo‘lgan hamda 2 nafar ota-onasidan ayrilgan jajji bola bor edi.

"Mehr-3" operatsiyasi esa o‘tgan yilning 8 dekabr kuni amalga oshirilgandi. O‘shanda 98 nafar o‘zbekistonlik, jumladan, 25 nafar ayol va 73 nafar bola Yaqin Sharq mintaqasidan Vatanga qaytarilgan.

Joriy yilning 2 mart kuni "Mehr-4" operatsiyasi o‘tkazilib, Afg‘onistondagi 24 nafar vatandosh O‘zbekistonga olib kelingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Mehr-5

Baholaganlar

38

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing