“SHOVOTLANDIA” ishi: apellyatsiya sudi noma’lum muddatga qoldirildi

Jamiyat

Avvalroq, Toshkentning Chilonzor tumanidagi "SHOVOTLANDIA" kafesini yoqish va 5 kishi vafot etishida aybdor deb topilgan R.Abdurahimov va F.Sayfiyevning oila a’zolari tomonidan kiritilgan apellyatsiya arizasiga ko‘ra, joriy yilning 3 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida apellyatsiya sudi boshlangani, birinchi sud majlisi ayblanuvchi R.Abdurahimovning sud bayonnomasini olmagani sababli qoldirilgani haqida xabar bergan edik.

Kecha, 17 fevral kuni navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi va u noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi. 

Sud majlisi qoldirilishini ayblanuvchi R.Abdurahimovning advokati Fazliddin Shermatov quydagicha izohlaydi:

“Apellyatsiya sudi raislik qiluvchi Rajabov, hay’at a’zosi Muso Yusupov va ma’ruzachi sudya G‘ofur Omonov ishtirokida ko‘rilmoqda. Buning asosiy sababi himoyam ostidagi Rustam Abdurahimovning huquqlari tiklanishi bilan bog‘liq. Bundan oldin bo‘lib o‘tgan sud majlislarida ham guvoh bo‘lganingizdek, Abdurahimov sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish to‘g‘risida ariza bergan va ariza noma’lum sabablarga ko‘ra birinchi instansiya sudiga yetib bormagandi. Shu sababli ham sud himoyam ostidagining bayonnoma bilan tanishmaganini hisobga olib, majlisni qoldirgan edi.

Abdurahimovga 13 fevral kuni sud bayonnomasi taqdim etilgan va u qonunda belgilangan tartibda besh sutka davomida o‘z e’tiroznomasini yozgan. O‘zbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual kodeksining 426-moddasi (Sud majlisining bayonnomasi), 427-modda (Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan mulohazalar berish va ularni ko‘rib chiqish tartibi) talabiga ko‘ra, e’tiroznomani faqatgina hukm chiqargan sud ko‘rib chiqishi belgilangan. Shu sababli ham sud majlisi noma’lum muddatga qoldirildi. Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudiga boradi va raislik qilgan sudya Z.Bobonov arizani ko‘rib chiqib, ajrim chiqaradi, undan keyin hujjat shahar sudiga qaytadi va sud majlislari davom etadi. 

Bu holatda sudyalar ham o‘zgarishi mumkin. Sudyalarni taqsimlash elektron shaklda amalga oshirilgani tufayli hujjat qaytganidan so‘ng, bu jinoyat ishi kimga taqsimlanishi aniq emas. Bir narsani alohida ta’kidlash kerak, apellyatsiya instansiyasining barcha harakatlari qonun doirasida amalga oshirilyapti”.

Eslatib o‘tamiz, advokat Fazliddin Shermatov himoyasi ostidagi Rustam Abdurahimov sud hukmidan norozi ekani, tergovdagi qiynoqlar, do‘pposlashlar sababli qilmagan ishini tan olishga majbur bo‘lgani haqida intervyu bergan edi. Ayblanuvchining advokatiga ko‘ra, tergov va sud jarayonlarida uning aybini isbotlovchi birorta dalil taqdim etilmagan.

"SHOVOTLANDIA" ishi 

(21.12.2021 y. – Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi hukmi. Rais: Z.Bobonov)

Joriy yilning 27 fevral soat 03:51 da Chilonzor tumanida joylashgan “Shovotlandiya” kafesida yong‘in sodir bo‘lgandi. Voqea joyiga 4 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilib, soat 04:37 da yong‘in to‘liq o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida besh kishi halok bo‘lgan va kafening tom qismi hamda ichki jihozlari, 150 kvadrat metr maydoni yonib, jiddiy zararlangan. Fojiada Javohir J. (1998 yilda tug‘ilgan), Xudoyshukur X. (1998 yilda tug‘ilgan), Bibijon A. (1961 yilda tug‘ilgan), Madina B. (1999 yilda tug‘ilgan) va Shohsanam A. (1996 yilda tug‘ilgan) halok bo‘lgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlarida binoga qasddan yong‘in yetkazgan shaxs joriy yilning 27 fevral kuni soat 03:30 larda Matiz avtomashinasida manzilga kelib, bino devorlariga o‘zi bilan olib kelgan shisha idishdagi suyuqlikni sepib, so‘ng yana bir idishdagi suyuqlikni bino ichkarisiga otgan va alanga chiqishini kuzatib, yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng, voqea joyini yashirincha tark etgani aniqlangan.

Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Ushbu jinoyat muqaddam JKning uchta moddasi bilan sudlangan Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi S.F. tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ushlangan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalariga ko‘ra, bino ichida uxlab yotgan 60 yoshli ayol, 23 yoshli ikki nafar yigit, 22 va 25 yoshli ikki nafar qiz is gazidan zaharlanish fonida tananing 100 foiz 3−4 darajali termik kuyishi oqibatida vafot etgan.

Sud hukmi bilan yong‘inga sababchi sifatida gumon qilingan 36 yoshli Rustam Abdurahimovga Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (qasddan odam o‘ldirish), 165-moddasining 1-qismi (tovlamachilik), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga JKning 59-moddasi 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, 26 yoshli sudlanuvchi Fazliddin Sayfiyev Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (Qasddan odam o‘ldirish), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Shovotlandiya Apellyatsiya

Baholaganlar

87

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing