“Shovotlandiya” fojiasi: Advokat tergovda qiynoq bo‘lganini aytmoqda

3-sahifa

image

Toshkentning Chilonzor tumanidagi “Shovotlandiya” kafesida sodir etilgan yong‘in va uning oqibatida 5 kishi vafot etishida aybdor deb topilgan F.Sayfiyev va R.Abdurahimovning oila a’zolari Toshkent shahar sudiga apellsiya arizasini kiritdi. Joriy yilning 3 fevral kuni ushbu murojaat asosida ilk apellsiya sudi o‘z ishini boshladi. Apellyatsiya sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqilmoqda. Unda QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova ishtirok etmoqda.

Aybdor deb topilgan R.Abdurahimovning advokati, Fazliddin Shermatovning aytishicha 2021 yil 26 fevraldan 27 fevralga o‘tar kechasi "Shovotlandiya" kafesi yonib ketganidan himoyasi ostidagi Rustam Abdurahimovni xabari ham bo‘lmagan. U kafe yonayotgan vaqtda uyda, oila davrasida edi. 

“Kafe yongan kuni Abdurahimov uyda, homilador ayolining yonida bo‘lgan. Kafening egasi deb aytilayotgan Aziz bilan, aybdor deb topilgan himoyam ostidagi orasida 8 oy oldin kelishmovchilik yuzaga kelgan. Aynan shuni vaj qilib, Abdurahimovni "Shovotlandiya" kafesini yoqish uchun buyurtmachi sifatida ko‘rishyapti. Vaholonki, jinoyat ishi tergovida kafeni yoqib yuborishda Rustamning ishtiroki borligi haqida hech qanday dalil isbot keltirilmadi. Jabrlanuvchining bir og‘iz “Rustam ham yoqqan yoki buyurtmachi bo‘lgan bo‘lsa kerak”, degan gapi (taxmini) asosida ish ko‘rilgan. 

Tergov va sudda "Shovotlandiya" kafesini yoqib yuborganini tan olgan Fahriddin Sayfiyev, kafe egasi bilan oralaridagi kelishmovchilik sababli o‘ch olishni maqsad qilib, kafeni yoqib yuborgani, bundan Rustam Abdurahimovning xabari yo‘qligini aytishiga qaramay, uning birorta ko‘rsatmalari inobatga olinmadi”, deydi advokat Fazliddin Shermatov.

U so‘zida davom etarkan, tergov vaqtida himoyasi ostidagi Rustam Abdurahimovning huquqlari buzilgani, tergovdagi qiynoqlar, do‘pposlash sababli qilmagan ishini tan olishga majbur bo‘lganini urg‘uladi.

“Abdurahimovga noqonuniy ma’muriy jazo tayinlab, 15 sutkaga qamashdi. Unga nisbatan bosim, qiynoqlar bo‘lgani haqida har qancha aytilmasin bularning birortasiga na tergov, na odil sud e’tibor qaratdi. U qilmagan ishini kaltaklanib, azobda qolgani uchun bo‘yiniga olishga majbur bo‘lgan.

2021 yil 14 mart kuni Rustam va Fahriddin yuzlashtirilgan. Yuzlashtirish harakati videoga olinishi shart. Lekin bu videoni qo‘lga kiritish imkoni bo‘lmadi. Tergovchining aytishicha, yuzlashtirish harakatining video tasvirlari yo‘q emish. 

Aynan shular asosida himoyam ostidagi R. Abdurahimovning oila a’zolari nomidan apellyatsiya tartibidagi shikoyat arizasini kiritdik. Ishonamizki, Yangi O‘zbekistonda sudlar mustaqil va holatga qonuniy baho berishadi", deydi ayblanuvchining advokati.

Sud zalidan ma’lum qilinishicha, 3 fevral soat 15:00 ga belgilangan sud majlisi 2 soat kechikish bilan soat 17:00 da boshlangan. Apellsiya arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha birinchi sud majlisi aybdor deb topilgan F.Sayfiyev va R.Abdurahimovga sud majlisi bayonnomasi berilmagani va ularning huquq va majburiyatlari tushuntirilmagani sababli qoldirilgan.

Advokat Fazliddin Shermatovning QALAMPIR.UZ'ga aytishicha, himoyasi ostidagi R.Abdurahimov hali ham bayonnomani olmagan. 

“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 427-moddasiga ko‘ra (Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan mulohazalar berish va ularni ko‘rib chiqish tartibi) sudlanuvchi sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish va unga e’tiroz bildirish huquqiga ega.

Himoyam ostidagi R.Abdurahimov bayonnomani olmagani haqida murojaat qilgandi. Lekin unga sud bayonnomasi hali ham berilmagan. Bu esa uning huquqlari poymol bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Nima uchun sud majlisi bayonnomasi mijozimga berilmaganiga oydinlik kiritish maqsadida sud majlisi qoldirildi. Qonun bo‘yicha aynan shu huquqlarni buzmagan holda apellyatsiya ishini ko‘rish boshlanadi va sudya himoyam ostidagini huquqlari poymol bo‘lmasligini ta’minlab, sud majlisini qoldirdi”, deydi advokat Fazliddin Shermatov.

"Shovotlandiya" ishi 
21.12.2021 y. – Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi hukmi. Rais: Z.Bobonov

Joriy yilning 27 fevral soat 03:51 da Chilonzor tumanida joylashgan “Shovotlandiya” kafesida yong‘in sodir bo‘lgandi. Voqea joyiga 4 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilib, soat 04:37 da yong‘in to‘liq o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida besh kishi halok bo‘lgan va kafening tom qismi hamda ichki jihozlari, 150 kvadrat metr maydoni yonib, jiddiy zararlangan. Fojiada Javohir J. (1998 yilda tug‘ilgan), Xudoyshukur X. (1998 yilda tug‘ilgan), Bibijon A. (1961 yilda tug‘ilgan), Madina B. (1999 yilda tug‘ilgan) va Shohsanam A. (1996 yilda tug‘ilgan) halok bo‘lgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlarida binoga qasddan yong‘in yetkazgan shaxs joriy yilning 27 fevral kuni soat 03:30 larda Matiz avtomashinasida manzilga kelib, bino devorlariga o‘zi bilan olib kelgan shisha idishdagi suyuqlikni sepib, so‘ng yana bir idishdagi suyuqlikni bino ichkarisiga otgan va alanga chiqishini kuzatib, yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng, voqea joyini yashirincha tark etgani aniqlangan.

Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Ushbu jinoyat muqaddam JKning uchta moddasi bilan sudlangan Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi S.F. tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ushlangan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalariga ko‘ra, bino ichida uxlab yotgan 60 yoshli ayol, 23 yoshli ikki nafar yigit, 22 va 25 yoshli ikki nafar qiz is gazidan zaharlanish fonida tananing 100 foiz 3−4 darajali termik kuyishi oqibatida vafot etgan.

Sud hukmi bilan yong‘inga sababchi sifatida gumon qilingan 36 yoshli Rustam Abdurahimovga Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (qasddan odam o‘ldirish), 165-moddasining 1-qismi (tovlamachilik), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga JKning 59-moddasi 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, 26 yoshli sudlanuvchi Fazliddin Sayfiyev Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (Qasddan odam o‘ldirish), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sud Shovotlandiya

Baholaganlar

243

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing