Toshkent viloyatida nomusga tegish jinoyati ko‘paygan
Jamiyat
−
26 noyabr 2021 32370 3 daqiqa
Joriy yilda 99 nafar shaxs nomusga tegish jinoyatini sodir etgan va sudlangan. Nomusga tegish holatlari Toshkent viloyatida ko‘paygan. Bu haqda bugun, 26 noyabr kuni “Yangi O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlikni oldini olish va oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga amaliy ko‘mak berish: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Oliy sud sudyasi Nodira Hakimova aytib o‘tdi.
“Ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘rganishlar joriy yilning hisobot davrida jami 2423 nafar shaxsga nisbatan 2012 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ko‘rsatadi. Shundan 1629 nafar (67 foiz) zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazgan shaxslarga nisbatan ayblov hukmlari chiqarilgan.
Bunday jinoyatlarni sodir etganlik uchun shaxslarning sudlanish ko‘rsatkichi viloyatlar kesimida tahlil qilindi. Zo‘ravonlikni sodir etganlarning aksari Toshkent, Farg‘ona, Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida istiqomat qilishgani aniqlangan. 2300 nafar jabrlangan ayollarning 353 nafari (15 foizi) Toshkent viloyati, 393 nafari (17 foiz) Samarqand viloyati, 225 nafari (10 foiz) Toshkent shahrida aniqlangan. Jabrlangan ayollarning 1976 nafari 86 foizi ishsiz ekani aniqlangan”, deydi Oliy sud sudyasi Nodira Hakimova.
Sudya Hakimovaning aytishicha, moddiy qiyinchilik nafaqat nizolar balki, ojiza ayolga qo‘l ko‘tarib zo‘ravonlik qilishga ham sabab bo‘lmoqda. Ammo nizolardan keyin ham oilasini saqlab qolishga uringan fuqarolar yo‘q emas va ularning soni 2020 yilga nisbatan oshgan. Shu bilan birga himoya orderi talabini bajarmaganlar ham uchrab turibdi.
“2020 yilda 234 nafar shaxs zo‘ravonlik sodir bo‘lganiga qaramay oilasini saqlab qolgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 492 taga yetdi. Yarashuv 114 taga ko‘paygan. Shu bilan birga himoya orderi talabini bajarmaslik holatlari ham mavjud. Joriy yilda himoya orderi talablarini bajarmaslik jinoyati bilan 933 nafar shaxsga nisbatan 905 ta ma’muriy ish ko‘rilgan. Shundan 744 nafariga, ya’ni 79 foiz shaxsga nisbatan jazo qo‘llanilgan. Ularga nisbatan Respublika sudlari tomonidan 137 mln so‘mdan ortiq jarima qo‘llanilgan. 349 kishiga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan”, deydi Nodira Hakimova.

Sudyaning ma’lum qilishicha Zo‘ravonlik xarakteridagi jinoyatlar turiga kiradigan nomusga tegish jinoyati ham Oliy sud tomonidan tahlil qilingan va bu jinoyatni sodir etganlarning soni Toshkent viloyatida ko‘p uchramoqda.
“Joriy yilda 99 nafar shaxs nomusga tegish jinoyatini sodir etgan va sudlangan. Bunday jinoyatni sodir etganlar asosan Toshkent viloyatida ko‘pchilik, ya’ni 27 nafar, Samarqand viloyatida 13 nafar, Jizzax viloyatida 7 nafarni tashkil etgan”, deydi Oliy sud sudyasi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Umida Abdullayevaning QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, 2021 yil 9 oy davomida 29 541 ta ayolga himoya orderi berilgan, 72 nafar ayol jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan.
25 noyabr – “Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish” kuni. Siz ayollarga qarshi tazyiqqa qarshi kurashyapsizmi?
Live
Barchasi