O‘zbekistonda ayollarga tazyiq avj olganmi? Raqamlar “so‘zlaganda”

Jamiyat

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ildizini quritish yo‘lidagi kurashda oldingizda bo‘laman – Saida Mirziyoyeva (video) north_east

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ildizini quritish yo‘lidagi kurashda oldingizda bo‘laman – Saida Mirziyoyeva (video)

Siz tazyiq yoki zo‘ravonlikka uchraganmisiz? Oila a’zolaringiz, atrofingizdagi tanishlaringiz-chi? Yo‘q-mi?

Lekin O‘zbekistonda joriy yilning 9 oyida 29 541 ta ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan va ularga himoya orderi berilgan. Oiladagi mojarolarni tashqariga chiqarmay deb, tazyiqqa uchrayotganini yashirib yurganlar ham oz bo‘lmasa kerak. Zo‘ravonlik nafaqat jabrlanuvchiga, balki ota, farzand, aka-uka yoki opa-singil, butun jamiyatga va bizning uzoq muddatli kelajagimizga ham ta’sir qiladi. Bu to‘lqin kuchayib borar ekan, taraqqiyot va ijtimoiy xavfsizlik yo‘lidagi eng katta to‘siqlardan biriga aylanib qolishi mumkin. Zo‘ravonlik qurboni bugun biz uchun begona, ertaga esa qarindoshimiz, onamiz yoki opamiz bir kun kelib esa o‘zimiz ham bo‘lishimiz mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani sari oilada jamiyatdagi ayollarga nisbatan bo‘layotgan nohaqlik, zo‘ravonliklarni yashirish murakkablashdi, muammolar suv ustiga qalqib chiqdi.

Ayollarga nisbatan qilinayotgan jinsiy va jismoniy zo‘ravonliklar bugun asosiy muammolar sirasiga kirib ulgurdi. Ularning psixologik, jinsiy va reproduktiv salomatligini asrash hukumatlar oldidagi muhim vazifalardan biri. Ayolni himoya qilish, uning huquqi, unga ham barcha qatori erkinlik va imkoniyatlar berilayotgani haqida ko‘p aytiladi. Lekin har qancha imkoniyat berilmasin, gender tenglik, ayollar va ularning har qaysi huquqlari haqida bong urmaylik, bugun ularga bo‘layotgan zo‘ravonliklar kamaymayapti.

Aslida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, tazyiq va tahdidilar bilan kurash bugun boshlanmadi. 1999 yil 25 noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni deb e’lon qilingan.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining bayonotida keltirilishicha, butun dunyoda ayollar huquqlari uchun kurash olib borilmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni Yevropadagi ayollarning 12-15 foizi uyda zo‘ravonlikka duchor bo‘lishadi.

O‘zbekistonda ham ayollar tazyiq va zo‘ravonlikdan aziyat chekayotgani tan olinib, gender tenglikni ta’minlash, ayollar va ularning huquqlarini himoya qilish uchun kurash olib borilyapti. Buning uchun Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida alohida Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya ham tuzilgan.

"Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar ayollarni himoya qilish faqat og‘izda bo‘lmay, bu qonun bilan ham himoya qilinganini ko‘rsatadi. Bu qonunlar qabul qilinganiga qaramay O‘zbekistonda kun sayin ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik ortib bormoqda. Avvallari bu holat faqat oilada ko‘zga tashlangan bo‘lsa, bugun jamoatchilik orasi, ish joyida ham ayollar jabrlanuvchi bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida, 4 turdagi zo‘ravonlik qayd etilgan. Bu jismoniy, jinsiy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonliklar. Shu bilan bir qatorda hozirgi kunda “tazyiq” degan tushuncha ham paydo bo‘ldi.

Dunyo tajribasida 1996 yilda paydo bo‘lgan, hozirgi vaqtga qadar 126 ta davlatda ta’sis etilgan himoya orderi 2019 yil 2 sentyabr kuni “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish” to‘g‘risidagi qonun bilan birgalikda O‘zbekistonda ham joriy qilindi.

IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Umida Abdullayevaning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, 2021 yil 9 oy davomida 29 541 ta ayolga himoya orderi berilgan. Ulardan 10 343 nafar ayol jismoniy, 146 ta ayol iqtisodiy, 13 940 nafar ayol ruhiy zo‘ravonlik va 5353 nafar ayol tazyiqqa uchragan.

Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida O‘zbekistonda qayd etilgan ajrimlar soni ham ayollarga berilgan orderlarga yaqin. Yanvar-sentyabr oylarida respublika bo‘yicha 29 031 ta ajrim holatlari qayd etilgan.

Yuqoridagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqlar o‘zbek jamiyati uchun ham jiddiy muammoga aylanib ulgurgan. Shunday ekan ayolga bo‘ladigan zo‘ravonlik yopiq eshiklar ortida qolmasligi, jamiyatda, oilada nohaqlikka uchraganlar, insoniy huquqlari toptalganlar jim turmasligi juda muhim.

25 noyabr – “Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish” kuni. Siz ayollarga qarshi tazyiqqa qarshi kurashyapsizmi?


Maqola muallifi

Teglar

zo'ravonlik jismoniy zo'ravonlik Xalqaro ayollarga nisbatan zo'ravonlikka barham berish

Baholaganlar

37

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing