Jizzaxda ota o‘z bolalarini haqoratlab, ayovsiz kaltakladi (video)
3-sahifa
−
28 avgust 14683 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida ota o‘z bolalarini haqoratlagani va ularni ayovsiz urib-tepib, kaltaklagani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hozirda ushbu holat Bolalar ombudsmanining Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili va mutasaddilar tomonidan o‘rganilmoqda. Aniqlanishicha, Jizzax viloyatida yashovchi fuqaro S.Sh. oilaviy nizo oqibatida 2 nafar farzandiga jismoniy zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan.
Bildirilishcha, hozirda otaga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishi hamda bolalarni xavfsiz muhitga olinishi, ularga zarur psixologik, ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilishi bo‘yicha ichki ishlar organlari va Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy Inson markazi mutaxassislari tomonidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.
Ayni vaqtda voyaga yetmagan ikki nafar bola ichki ishlar organlari voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.
Bolalar ombudsmani holat yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettirishi, bu borada qo‘shimcha tarzda axborot berilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida yashovchi ona TikTok jonli efirida o‘z farzandini kaltaklagani xabar qilingan edi. Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida IIV va Ijtimoiy himoya milliy agentligi vaziyatni o‘rgangan va bolani himoyalash yuzasidan ijtimoiy keys ochilgan. Bolaga zaruriy ijtimoiy psixologik ko‘mak choralari ko‘rilmoqda, ayol bilan korrektiv choralar olib borish davom etmoqda.
Live
Barchasi