Zaharlanib vafot etganlarning yaqinlari BPni yolg‘onchilikda ayblamoqda

3-sahifa

image

Bosh prokuratura qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelgan degan kelin-kuyov “zaks”dan o‘tgan bo‘lib chiqdi. 

Kecha, 15 dekabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Toshkent viloyati Piskent tumanida kelin-kuyov noma’lum moddadan zaharlanib, vafot etgani haqida xabar bergan edi. Unda 29 yoshli R.D. va u bilan qonuniy nikohdan o‘tmasdan (!) yashab kelgan 27 yoshli A.S. Piskent tumanidagi xonadonda vafot etgani aytilgan. 

Kelin-kuyovning yaqinlari QALAMPIR.UZ’ga murojaat qilib, Bosh prokuraturani yolg‘on axborot tarqatganlikda ayblamoqda. 

“Davlat idorasi qanday qilib yolg‘on ma’lumot berishi mumkin. Ularga ishonadigan odamlar qanchaligini bilmaydimi? Tarqalgan xabarlarning izohlarini o‘qisangiz, hamma qonuniy nikohsiz yashagani uchun shunday bo‘lgan, deb yozyapti. Axborot berayotganda oldin o‘rganish kerak emasmi? Shu axborotni tarqatganlar ustidan tegishli joylarga arz qilamiz”, deydi kelin-kuyovning yaqinlari. 

Marhum kuyovning akasi taqdim etgan hujjatga ko‘ra, kelin-kuyov joriy yilning 10 dekabr kuni Piskent tumani FHDYO bo‘limidan qonuniy nikohdan o‘tgan. 14 dekabr kuni esa nikoh marosimi bo‘lib o‘tgan. Oradan bir kun o‘tib, 15 dekabr kuni kelin-kuyov noma’lum moddadan zaharlanib vafot etgan. 

Xabar QALAMPIR.UZ saytida 16 ming, Telegram kanalda 70 ming, Instagram ijtimoiy tarmog‘ida 700 ming marta o‘qilgan, 300 ga yaqin izoh yozilgan. Izohlarning aksariyatida QALAMPIR.UZ yolg‘on axborot tarqatgani yozilsa, qolganida kelin-kuyovning qonuniy nikohsiz yashab yurgani tanqid qilinadi. 

Bu raqamlar faqatgina QALAMPIR.UZ’dagi o‘qilishlar soni, xolos. Boshqa rasmiy va norasmiy OAVlar bilan qo‘shib hisoblasa, yuz minglar, millionlarga aylanadi. 

Umuman olganda, bu holatdagi eng muhim narsa bu – ikki nafar fuqaroning zaharlanib vafot etgani. Ular qonuniy nikohdan o‘tgan yo o‘tmagani esa ayni shu keysda muhim ma’lumot emas. Qolaversa, bu ularning shaxsiy ishi. Bu kabi xabarlar oxirgi vaqtlarda ko‘paygandan-ko‘paymoqda. Huquq-tartibot organlari, xususan Bosh prokuratura bunday voqealar haqida ma’lumot berayotganda asosiy mazmun qolib, voqea ishtirokchilarning shaxsiga oid ma’lumotlarni ochiqlash orqali o‘quvchilar diqqatini boshqa tomonga qaratmoqda. Jumladan ikki nafar shaxsning vafot etgani bilan bog‘liq holatda ham ularning nikohdan o‘tgan yo o‘tmagani, yaqin qarindosh yoki begonaligi, umuman bir uyda nima qilayotgani hech kimga qiziq emas. Bu yerda voqealik kelin-kuyovning zaharlangani va vafot etgani, ularning qanday asosda yashab kelayotgani emas. Ommaviy axborot vositalariga ko‘pincha axborot tarqatish borasida dakki berib keladigan huquq-tartibot organlari esa shaxslarga oid ma’lumotlarni ochiqlashda birinchilardan bo‘lib qonunchilik talablarini buzadi. Oxir-oqibatda esa bu ma’lumotni tarqatgan birlamchi manbalar emas, ommaviy axborot vositalari o‘quvchilar oldida butun javobgarlikni o‘z gardaniga olishiga to‘g‘ri keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Piskent kelin-kuyov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing