Toshkent viloyatida mahkum qiynoqqa solindi

3-sahifa

image

Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan 50-son manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum T.I. koloniya xodimlari tomonidan qiynoqqa solinib, so‘ng asossiz ravishda intizomiy bo‘linmaga joylashtirilgan. Bu haqda u Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga murojaat qilgan.

Ombudsman axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holat joyiga chiqib o‘rganilganda, mahkum T.I. Piskent tumani markaziy shifoxonasiga joylashtirilgan hamda shifokorlar xulosasiga ko‘ra, uning bosh va ko‘krak qismida lat yeyish alomatlari aniqlangan.

“Ishga oid hujjatlar o‘rganilganda, mahkum T.I. intizomiy bo‘linmaga 2025 yil 27 fevral kuni joylashtirilgan va unga 10 sutkaga intizomiy bo‘linmaga kiritib qo‘yish haqida qaror qabul qilingan. Ushbu qaror Toshkent maxsus prokurori tomonidan o‘rganilib, bekor qilingan hamda koloniya ma’muriyatining harakatlari Jinoyat-ijroiya kodeksining 105-moddasi (mahkumlarni intizomiy jazolash shartlari) va 111-moddasi (qo‘pol tartibbuzarlik tushunchasi) talablariga zid deb topilgan”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, mahkum olti kun davomida asossiz ravishda intizomiy bo‘linmada saqlanib, uning huquqlari va erkinliklari buzilgan. Shu sababli, Ombudsman tomonidan qonun talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlarga chora ko‘rilishini so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nazorat xati kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, 18 mart kuni Senat beshinchi yalpi majlisida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘i Sherzod Shermatov senatorning o‘tgan 2024 yilda qiynoqlar oqibatida vafot etish holatlari va ularning sabablari haqidagi savolni ochiq qoldirgandi.

Shundan keyin Senat raisi Tanzila Norboyeva Tergov departamenti boshqarma boshlig‘iga ombudsman tomonidan o‘tgan yili shunday turdagi holatlar yuzasidan qancha ariza tushgani bo‘yicha savol berdi.

“Bizga kelgan arizalarni hamkorlikda ko‘rib chiqyapmiz. Ushbu arizalar belgilangan muddatlarda javoblarni va amalga oshirilgan, ko‘rib chiqilgan tekshiruv natijalar bo‘yicha vaqtida axborotlarni berib bormoqdamiz. Hozir aniq hisobot, statistik ma’lumotlar yo‘q”,  deya javob berdi Shermatov.

Senat Raisi esa javobdan qoniqmadi va hisobotga tayyor bo‘lib kelish kerakligini aytib, unga dakki berdi.


Maqola muallifi

Teglar

qiynoq Piskent manzil-koloniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing