Piskentning so‘kong‘ich hokimi jazolandi
Jamiyat
−
18:56 1676 4 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Piskent tumani hokimi Muzaffar Oripov fermerlarni haqoratlab, kartoshka ekmasa yerlarini tortib olish va “jonini sug‘urib olish” bilan tahdid qilgani aytilgan audio tarqaldi. Ushbu holat ortidan Muzaffar Oripovga hayfsan berildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev bugun, 13 oktyabr kuni imzolagan farmoyishda keltirilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 595-sonli qarori talablariga rioya qilmaganligi, davlat xizmatchisining kasb etikasini buzganligi uchun Piskent tumani hokimi Muzaffar Akbarovich Oripovga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilsin”, deyiladi hujjatda.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Joriy yilning 9 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Muzaffar Oripov fermerlarni haqorat qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Unda hokim fermerlar bilan yig‘ilishda bir necha bor yomon so‘zlar ishlatgani, fermerlardan yerini olib qo‘yish bilan tahdid qilgani aytiladi. Shuningdek, ushbu yig‘ilishda ayollar ham bo‘lgani haqida so‘z boradi.
Ushbu xabarlar yuzasidan tuman hokimligi munosabat bildirib, mazkur holatga xolis baho berish uchun yig‘ilishdagi muloqot tafsilotlari bilan bir qatorda, muhokamaga sabab bo‘lgan masala, oldindan belgilangan vazifalar va ularning aholi manfaatlari bilan bog‘liq jihatlarini ham inobatga olish lozimligini bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 2 iyul kuni tuman hokimligida fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun amaliy seminar o‘tkazilib, kartoshka ekish, serhosil navlarni tanlash va belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilingan. Fermerlarga Gala, Red Scarlett, Colomba, Flamingo, Vega, Sadon va Primabelle kabi kartoshka navlari ham tanishtirilgan. Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 18 iyul kuni ayrim fermerlar belgilangan reja asosida kartoshka ekmagani, g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarini boshqa shaxslarga sotib yuborgani va ushbu maydonlarda ham kartoshka ekilmagani bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan.
“Shuni unutmaslik kerakki, yer fermerning xususiy mulki emas. Yer – xalqning bebaho boyligi bo‘lib, undan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi. Fermer yerdan o‘z bilganicha foydalanish emas, balki belgilangan maqsad va majburiyatlarga muvofiq ish yuritish mas’uliyatini ham zimmasiga oladi. Agar har kim o‘z manfaatini ko‘zlab, belgilangan vazifalarni chetlab o‘tib ish yuritsa, xalq manfaatlari qayerda qoladi? Bugun mamlakatimizda kartoshka importini kamaytirish, ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash va qish mavsumi uchun yetarli zaxira yaratish maqsadida ishlar olib borilayotgan bir paytda, kartoshka ekilishi lozim bo‘lgan maydonlarni boshqalarga sotib yuborish va natijada belgilangan rejani bajarmaslikka befarq qarab bo‘lmaydi. Chunki ekilmay qolgan har bir gektar yer — bu shunchaki bajarilmagan reja emas, balki mahalliy mahsulot yetishtirish imkoniyatining boy berilishi va aholi ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omildir. Piskentda kartoshka yetishtirish bo‘yicha amaliy ishlar ham olib borilmoqda. Birinchi mavsum uchun 650 gektar maydonda kartoshka yetishtirish, jumladan, fermer xo‘jaliklarida 520 gektar va dehqon xo‘jaliklarida 130 gektar yerdan foydalanish, jami 20 800 tonna hosil olish maqsad qilingan. Sifatli urug‘lik bilan ta’minlash va hosildorlikni oshirish maqsadida Rossiya mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Shuningdek, Ramazon hayiti va Navro‘z bayramlari arafasida aholiga kartoshkani 3 500 so‘mdan yetkazib berish ishlari tashkil etilgan”, deyiladi munosabatda.
Shuningdek, hokimlik belgilangan vazifalarning dolzarbligi yig‘ilish davomidagi har qanday muomala shaklini o‘z-o‘zidan oqlamasligini bildirgan va fermerlarning huquqlari ham, aholi manfaatlari ham birdek hurmat qilinishi shartligini qayd etgan.
“Yig‘ilishdagi muomala va telefonlar olib qo‘yilgani haqidagi da’volar ham alohida dalillar asosida xolis o‘rganilishi lozim”, deyiladi munosabatda.
Bundan tashqari, yuqoridagi holatdan so‘ng Fermerlar kengashi prokuraturaga murojaat qilgan, Biznes ombudsman esa surishtiruv boshlagani xabar qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Muzrabot tumanining so‘kong‘ich hokimiga hayfsan berilgan edi. U g‘alla topshirish rejasini bajarmayotgan fermerlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ularni haqorat qilgan va tahqirlovchi munosabatda bo‘lgan.
Live
Barchasi