Prezident Piskent tumanini ajratilgan kreditlar sarfi yuzasidan tanqid qildi
Jamiyat
−
12:12 1620 2 daqiqa
Bugun, 3 sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektorda mamlakat rahbari tomonidan ajratilgan kredit resurslarining natijadorligi tumanlar kesimida qiyosiy tahlil qilindi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan davrda Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga bir xil – 2 trillion 300 milliard so‘mdan kredit resursi berilgan. Sharof Rashidov tumanida ushbu mablag‘ hisobidan 30 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lib, bir kishiga o‘rtacha 78 million so‘m to‘g‘ri kelgan. Qarshi tumanida esa 13 ming ehtiyojmandning sharoiti yaxshilanib, bir kishiga o‘rtacha 176 million so‘m sarflangan.
Qamashi va Piskent tumanlariga 1 trillion 100 milliard so‘mdan kredit berilgan. Qamashida 28 ming, Piskentda esa atigi 4,5 ming kambag‘al aholi bu toifadan chiqarilgan.
Shuningdek, G‘uzor, Nishon, Muborak, Yangiqo‘rg‘on, Toyloq, Boysun, Oltinsoy, Bandixon, Beshariq, Farg‘ona tumanlari hamda Nurafshon, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ham shunday holat kuzatilayotgani aytilgan.
Ma’lum qilinishicha, Piskentda har bir odamni kambag‘allikdan chiqarishga 250 million so‘m kredit to‘g‘ri kelmoqda. Vaholanki, boshqa hududda shuncha pulga sanoatda yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratilayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur yig‘ilishda tuman va mahallada kambag‘allik hamda ishsizlikka mas’ul xodimlarda hadik borligi, hech kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamayotgani uchun tanqid qilgandi.
Live
Barchasi