O‘z huquqi uchun sudga murojaat qilgan jurnalistni uchratmadim, QALAMPIR.UZ bundan mustasno – O‘sarov

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov hali o‘z huquqini himoya qilib, sudga murojaat qilgan jurnalistni uchratmagani, biroq QALAMPIR.UZ tahririyati bundan mustasno ekanini aytdi. Bu haqda Olimjon O‘sarov joriy yilning 23 sentyabr kuni “O‘zbekistonda jurnalistlarning huquqiy himoyasi: muammo va yechimlar” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida aytib o‘tdi.

“Men bir amaliy misol aytaman: biz jurnalistlar o‘zgalar huquqini himoya qilamiz, deymiz va buning uchun kurashamiz. Lekin o‘zimizning huquqlarimizni himoya qilishga kelganda, hatto nima qilish kerakligini ham bilmaymiz. Bugun ayrim jurnalistlar bizni kim himoya qiladi, deb so‘rashyapti. Jurnalist birinchi navbatda, o‘zini-o‘zi himoya qila olishi shart. Birorta jurnalist huquqi toptalgani yuzasidan sudga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilaman demaydi”, deydi O‘sarov. 

Uyushma raisining so‘zlariga ko‘ra, faqatgina QALAMPIR.UZ tahririyati o‘z huquqini talab qilib kelmoqda. 

“Men hali o‘z huquqini himoya qilib sudga murojaat qilgan jurnalistni uchratmadim. QALAMPIR.UZ tahririyati bundan mustasno, albatta. Men shu nuqtai nazardan ushbu nashrga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Tahririyat jurnalist Feruza Najmiddinova huquqini himoya qilishda qat’iy pozitsiyada turdi. Jurnalistlar uyushmasi, agentlik, Rasul Kusherbayev va boshqa tashkilotlar ham mana shu masalada o‘z munosabatini bildirdi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan o‘sha videolavha jurnalistga bosim o‘tkazish uchun ataylab tayyorlangani aniqlandi. Yana bir misol jurnalistning axborot olishiga to‘sqinlik qilgan prokuratura xodimiga ham hayfsan berildi”, deydi Olimjon O‘sarov.

O‘sarovga ko‘ra, jurnalist o‘z huquqini himoya qilishda o‘zi ham faol bo‘lishi kerak. 

Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ jamoasi Toshkent shahri Yunusobod tumani 2-mavzeda qurilishi yakunlanmagan 14 ta bino prokuratura va ichki ishlar xodimlari ishtirokida buzib tashlanayotgani haqidagi murojaat yuzasidan o‘rganish o‘tkazish uchun voqea joyiga yetib borgandi. Biroq, tahririyat jamoasining jurnalistik faoliyatiga Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi Umid Azizov tomonidan to‘sqinlik qilinadi. Buning uchun prokuratura xodimiga nisbatan dastlab, “odob darsi” so‘ngra, “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llaniladi.


Maqola muallifi

Teglar

Jurnalist hayfsan odob darsi jurnalist huquqi

Baholaganlar

23

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing