Germaniyalik jurnalist Rossiya josuslariga tuzoq qo‘ydi

Olam

image

Germaniyalik jurnalist Rossiya maxsus xizmatlari qanday odamlarni yollashini o‘rganish uchun ijtimoiy tarmoqda mamlakat Prezidenti Vladimir Putin tarafdori bo‘lib ko‘rindi va “Katya” nomi bilan soxta akkaunt ochib, Rossiya agentlari bilan aloqa o‘rnatdi. Bu haqda Germaniyaning RTL telekanali o‘tkazgan bir yillik maxfiy jurnalistik tekshiruvda ma’lum bo‘lgan.

Jurnalist Anjelike Geray bir necha oy davomida “Katya” ismli rossiyaparast bloger obrazini yaratgan. U ijtimoiy tarmoqlarda Vladimir Putin maqtalgan videolar joylashtirgan, Rossiya va sobiq sovet davlatlarida mashhur bo‘lgan oq-ko‘k yo‘l-yo‘l mayka (odatda dengizchilar va harbiylar kiyadigan kiyim) kiyib suratga tushgan va Germaniya parlamenti binosi atrofida Rossiya bayrog‘i bilan yurgan.

Ko‘p o‘tmay, uning akkauntiga Rossiya manfaatlari yo‘lida ishlashi mumkin bo‘lgan shaxslar qiziqish bildirgan. ”Katya”ga turli topshiriqlar taklif qilingan va buning uchun bitkoin orqali pul to‘lash va’da qilingan.

Tekshiruv davomida jurnalistlar bunday yollangan shaxslarga dastlab oddiy vazifalar berilishini aniqlagan. Masalan, ulardan suratga olish, paket olib ketish yoki SIM-karta olish so‘ralgan. Keyinchalik esa topshiriqlar jiddiylashib, boshqa odamlarni kuzatish va ma’lumot to‘plashgacha yetgan.

Jurnalistlar o‘zlariga ham inson huquqlari tashkilotini kuzatish, Germaniyadagi Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) xodimi haqida ma’lumot yig‘ish, siyosiy partiyaga kirib borish va Germaniya qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi kompaniyalari haqida ma’lumot to‘plash kabi topshiriqlar berilganini ma’lum qilgan.

“Katya”ning akkaunti Germaniyadagi rossiyaparast faollardan biri Jovitsa Yovichning ham e’tiborini tortgan. U “Sahra Vagenknext ittifoqi” (BSW) a’zosi bo‘lib, TikTok’da qariyb 35 ming obunachiga ega.

Yovich “Katya” bilan uchrashib, o‘zining rossiyaparast faoliyati haqida gapirgan. Suhbat davomida u Rossiya maxsus xizmatlari bu faoliyatga aloqador bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan. Biroq keyinchalik jurnalist o‘zining asl shaxsini oshkor qilib, u bilan ochiq suhbatlashganida Yovich Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqasi borligini va dezinformatsiya kampaniyasida ishtirok etganini rad etgan.

RTL jurnalistlari, shuningdek, Germaniyada Rossiya bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan sabotaj va josuslik holatlarini ham o‘rgangan. Jumladan, Leypsig/Galle aeroportida Ukraina yuk samolyotlariga qarshi uyushtirilishi rejalashtirilgan sabotaj ham tekshiruv doirasida o‘rganilgan.

Tekshiruv yakunida jurnalist Anjelike Gerayning “Katya” sifatidagi shaxsi fosh bo‘lgan. Shundan so‘ng unga ovozli xabar orqali o‘lim bilan tahdid qilingan.

“Qochishga urinsang, o‘q yeysan”, degan mazmundagi tahdid jurnalistning ovozli pochtasiga yuborilgan.

RTL telekanali jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus choralar ko‘rilganini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing