Qoidabuzar chempion va e’tiborsiz qolgan shaxmatchi – Sport dayjesti

Sport

Ortda qolayotgan hafta o‘zbek shaxmati uchun muhim va unutilmas bo‘ldi. Vengriyada o‘tgan Olimpiadada o‘zbek shaxmatchilarining munosib ishtiroki tahsinga sazovor, biroq shaxmatchilar yurtga qaytganidan so‘ng ulardan birining munosib taqdirlanmasligi tugayotgan haftaning muhim va bahsli mavzularidan biri bo‘ldi. Parij-2024 Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan bokschi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevning Toshkent ko‘chalarida katta tezlikda Prezident sovg‘a qilgan avtomobilda harakatlanishi va buning oqibatida jarima to‘lashi ham jamoatchilikning muhokamasi markazida bo‘lganini ta’kidlash joiz.

Assalomu alaykum. Shu va yana bir qator sport olamining muhim mavzulari bilan QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.

Shaxmat Olimpiadasi sovrindori mashina berilmaganidan xafa ekanini bildirdi

45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining taxtalar kesimida 5-taxtada kumush medalga sazovor bo‘lgan Nodira Nodirjonova OAVga qizlar jamoasiga mashina va pul mukofoti kabi sovg‘alar berilmaganidan xafa bo‘lganini aytdi.

“Shaxmatchi qizlarga avtomashina berilmaganidan, albatta, xafaman. Yozgi Olimpiada ishtirokchilarini yaxshi taqdirlashdi, paralimpiyachilarni ham yaxshi taqdirlashdi. Kumush medalni olishim oson bo‘lmadi, bor kuchim va energiyamni berib, harakat qildim”, deydi Nodirjonova.

Qayd etish joiz, 2022 yilgi Prezident qarorida Butunjahon shaxmat Olimpiadasi o‘yinlarida medalni qo‘lga kiritgan sportchilar taqdirlanishi belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, shaxmat Olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan sportchiga bazaviy hisoblash miqdorining ming baravari berilishi kerak, biroq Nodirjonovaga hech qanday mukofot puli ham, avtomobil ham berilmadi.

Gulruhbegim Tohirjonova O‘zbekiston safiga qaytishi mumkin – Alisher Sa’dullayev

Amerika Qo‘shma Shtatlari ayollar jamoasi safida 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida sovrindor bo‘lgan asli o‘zbekistonlik grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova kelgusida yana O‘zbekiston jamoasi safiga qaytishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbari Alisher Sa’dullayev QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. “Gulruhbegimning o‘ziga ham, yaqinlariga ham O‘zbekistonga qaytish taklifini berganmiz. Albatta, uning yurtga qaytish niyati bor, deb o‘ylayman. Gulruhbegim O‘zbekistonga kerak, chunki uning yaxshi salohiyati bor. U 2026 yilda O‘zbekiston safida Olimpiadada ishtirok etsa, juda xursand bo‘lardik”, deydi Sa’dullayev.

Eslatib o‘tamiz, 25 yoshli Tohirjonova Butunjahon shaxmat Olimpiadasining 8-turida 1-taxtada O‘zbekiston ayollar jamoasi vakili Afruza Hamdamovaga qarshi o‘yinda ishtirok etishni istamagandi.

Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Prezident sovg‘a qilgan Tahoe’da 110 km/soat tezlik bilan harakatlandi 

Parij Olimpiadasi chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Toshkent ko‘chalari bo‘ylab Tahoe’da 110 km/soat tezlikda harakatlandi. U jarayon aks etgan videoni o‘z Instagram sahifasiga joyladi.

Ma’lumki, Toshkent shahrida esa avtomobillar uchun cheklangan tezlik 60 km/soatni tashkil qiladi. Video ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgach, sportchining sahifasidan o‘chirib yuborildi.

Ma’lumot uchun, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev 71 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida O‘zbekiston boks terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. U Parij-2024 yozgi Olimpiada o‘yinlarining final bahsida Meksika vakili Marko Alonso Verde Alvaresga qarshi ringga ko‘tarildi va uni mag‘lub etib, Parij Olimpiadasining oltin medaliga ega chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parij Olimpiadasi 8 ta oltin medal egasining har biriga 200 ming AQSH dollari, Toshkent shahridan 2 qavatli kottej va Tahoe avtomobili, 2-o‘rin sohiblariga 100 ming AQSH dollari, 2 qavatli kottej va BYD Song Plus Champion, bronza medali egalariga ham uy hamda BYD, shuningdek, 50 ming AQSH dollari taqdim etilgani haqida xabar berilgan edi.

Tezlikni oshirgan Olimpiya chempioni jarimaga tortildi

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Parij-2024 Olimpiadasida chempionlikni qo‘lga kiritgan bokschi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevning Prezident sovg‘asi – Tahoe avtomobilida cheklangan 60 km/soat me’yorni buzib, 110 km/soat tezlikda harakatlangani aks etgan videosi tarqalgan edi.

Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ma’lum qilishicha, tezlikni belgilangan me’yorlardan oshirib harakatlangan Tahoe avtomashinasi haydovchisiga chora ko‘rilib, u 3 million 60 ming so‘m miqdorda jarimaga tortilgan.   Qayd etilishicha, holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan haydovchi 2001 yilda tug‘ilgan M.A.ga  nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-3-moddasi 3-qismiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, haydovchi bilan profilaktik suhbat olib borilgan.

Basketbol federatsiyasi rahbarlari tashkilot mablag‘larini talon-toroj qildi

Basketbol federatsiyasi rahbarlari tashkilot mablag‘ini o‘z ehtiyoji yo‘lida talon-toroj qildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Qayd etilishicha, Basketbol federatsiyasi ijrochi direktori Yu.S. va ish boshqaruvchisi S.I. jinoiy til biriktirib, S.I.ning onasi va ukasi nomiga “S.A.G” MCHJ tashkil qilib, sportchilar sog‘lig‘ini monitoring qilishga mo‘ljallangan 2 dona maxsus uskuna uchun federatsiyadan 197 mln so‘m mablag‘ni jamiyat hisobiga o‘tkazib, talon-toroj qilgan. Uskunalar yetkazib berilmagan.

Shuningdek, 1-vitse-prezident X.G. federatsiyaga tegishli bo‘lgan korporativ plastik kartadan noqonuniy ravishda shaxsiy ehtiyojlari uchun 162 mln so‘m mablag‘ni yechib olib, o‘zlashtirgan.

Bundan tashqari, yuqoridagi mansabdor shaxslar tomonidan federatsiyaga go‘yoki homiylarni jalb qilish xizmatlarini ko‘rsatish haqida soxta shartnoma rasmiylashtirilib, federatsiyaning 130 mln so‘m mablag‘i o‘zlashtirilgan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilgan. Shuningdek, sud hukmi bilan aybdorlarga tegishli jazo choralari qo‘llangan. Bu jazo choralari qanday ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari tomonidan suzish sporti uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan terma jamoa a’zosi bo‘lmagan, aslida federatsiya Bosh kotibi A.G.ning oila a’zolari bo‘lgan N.G., M.G va boshqa jami 15 nafar fuqarolarni Turkiya davlatiga dam olishga yuborib, 405 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Sa'dullaev Basketbol Gulruhbegim Tohirjonova Asadxo'ja Mo'ydinxo'jaev Shaxmat Olimpiadasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing