MQKQ nega “shapka” yo‘q qilinganidan keyin “to‘lqinlandi” – “UzAutoMotors”ning yana bir himoyachisi paydo bo‘ldi
Jamiyat
−
22 dekabr 2020
36593Toshkentdagi Turin politexnika universiteti rektori, texnika fanlari nomzodi Jamshid Inoyatxo‘jayev “UzAutoMotors” va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rtasida borgan kurash bo‘yicha o‘z munosabatini bildiri.
Jamshid Inoyatxo‘jayev MQKQ avtomobil sanoatida yuzaga kelgan “shapka” tushunchasini yo‘q qilgan yangi rahbariyatga qarshi tish qayraganidan hayronligini bildirib, bu buyurtma emasmi degan fikr bildirgan.
“Ilg‘or” jamiyatda yashirin konsensus paydo bo‘lgani haqida gap ketganda, aqlli, o‘qimishli va ba’zi o‘rinlarda ziyoli odamlar ikki xil standartni qo‘llashdan tortinmasligini kuzatish qiziq. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va “UzAutoMotors” qarama-qarshi bo‘lgan vaziyatni olaylik – butun “progressiv” jamoatchilik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyaning aybi nimada ekanini yaxshi tushunmasdan MQKQning harakatini faol ravishda qo‘llab-quvvatladi. Yigirma yil davomida turli tuzilmalar “shapka” tushunchasi bilan uning (“UzAutoMotors” avval GM Uzbekistan – tahr.) hisobiga yashashgan. Ho‘sh, nega Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘sha yillarda jim turgan? Ha, aynan o‘shanda, odamlar oylab, yillab navbatlarda turib, mashina olish huquqi uchun pora to‘lab, kamsitilganda? Va nega, aynan, yangi rahbariyat korrupsiya tizimini buzib, “shapka” tushunchasini yo‘q qilganidan keyin “to‘lqinlanishdi”? Yoki bu birovga xalaqit berdimi va berilib ketgan islohotchilarni “jazolash” vazifasi qo‘yildimi?”, deydi Inoyatxo‘jayev.
Shuningdek, u avtomobil importi uchun o‘rnatilgan yuqori boj tariflari masalasiga ham to‘xtalib, bu normalar avtomobilsoz tomonidan o‘rnatilmaganini urg‘ulagan. Aksincha, Oliy Majlisda ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lgan hukmron partiya – O‘zLiDep deputatlari o‘z ishini qilib, shu masalani hal qilish uchun qonun ishlab chiqsa, yaxshi bo‘lishini aytib o‘tgan.
“UzAuto O‘zbekistonga olib kirilayotgan avtomobillarga bojxona to‘lovlarining yuqori bo‘lishida aybdormi? Yoki ushbu bojlar uchun tariflarni zavod belgilaydimi? Bu Oliy Majlisning vakolati emasmi? Ammo nima uchun aynan hukmron partiyaning deputatlari avtomobil ishlab chiqaruvchining nomini bulg‘ash jarayonining tashabbuskoriga aylanishdi? Balki, ular buning o‘rniga boj tariflarini bosqichma-bosqich pasaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqib, o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyatini bajarishi kerakdir. Yoki gap xalq manfaati to‘g‘risida emas, balki populizm haqida ketyaptimi va maqsad barchasini cheksiz “gap bozorida” cho‘ktirishdir?”, deb ta’kidlagan u.
“UzAutoMotors” himoyachisi sifatida namoyon bo‘lgan Inoyatxo‘jayev avtomobilsozning boshqa bir qo‘riqchisi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirovning MQKQga qarata aytgan gaplarini mutlaqo qo‘llab-quvvatlagan.
“MQKQning yetarlicha layoqatga ega emasligini aytgan Alisher Qodirov nimada xato qildi? Aslida, bu uning xulosalaridan emas, ikki instansiya sudning qaroridan kelib chiqadi. Sud xuddiki “UzAutoMotors”ni monopoliya sifatida tan olishdan bosh tortgandek, faktlarni tortishib, auditoriyani ishontirish kerakmas. Bu borada hech nima deyilmadi: MQKQning da’volari mart oyidagi narxlarning ko‘tarilishi noqonuniy bo‘lgani va ortiqcha to‘langan pulni xaridorlarga qaytarish kerakligi haqida edi. Aynan ushbu hisob-kitoblar adolatliligi bo‘yicha sud regulyatorni rad qildi.
MQKQ kompaniyaga nisbatan da’volari noqonuniy bo‘lganidek, hisob-kitoblarining noto‘g‘riligi ham isbotlangan fakt. Qo‘mita birovning buyrug‘i bilan ish yuritadi deb o‘ylashni xohlamagan bo‘lardim, ammo ko‘pchilikda shunday taassurot paydo bo‘lishi mumkin. Oxir-oqibat u nafaqat bir necha oy davomida korxonaning muhim boshqaruv va huquqiy resurslarini dolzarb muammolarni hal qilishdan chetlashtirdi, balki o‘zi ham noqonuniy da’volarni himoya qilishga anchagina mablag‘ sarfladi”, deydi Inoyatxo‘jayev fikrini davom ettirib.
Shundan so‘ng, navbat “UzAutoMotors”ning davlat byudjetiga keltirayotgan foydasiga kelgan. Inoyatxo‘jayev qiyin kelgan 2020 yilda kompaniya davlatdan yordam so‘ramaganini aytib, qo‘mita nega aynan hozir unga qarshi ish boshlaganidan hayronligini bildirgan.
“Bu shunchaki oddiy kompaniya emas, balki byudjetni shakllantiruvchi gigant bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 1,5 foizini tashkil qiladi. Bu “O‘zbektelekom”dan uch baravar yoki “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan 7,5 baravar ko‘p. Nahot, MQKQ iqtisodiyotning boshqa “flagman”laridan farqli o‘laroq 9byudjetdan hech nima – tahr.) talab qilmagan zavodni zaiflashtirish uchun bundan yaxshi vaqt topa olmadimi? Yoki aynan “kovidli” 2020 yilda qilish kerakmidi? Agar shunday bo‘lsa, savol qolmaydi”, deydi Inoyatxo‘jayev.
Turin universiteti rektori Inoyatxo‘jayev avtomobilsoz kompaniya davlatga foyda keltirayotganini aytib, unga qarshi chiqqan qo‘mita joriy yilda hech qanday moddiy manfaat keltirmaganini urg‘ulagan. U qo‘mitani boshqa masalalar bilan shug‘ullanishga chaqirgan.
“Boshqa narsa qiziq: biz “UzAutoMotors” davlat uchun qancha foyda keltirayotganini aniq bilamiz. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi moddiy tomondan olganda 2020 yilda xalqqa qanday foyda keltirdi? Negaki tashqaridan qaraganda u joriy yilda zavod bilan samarasiz va ma’lum bo‘lishicha, noqonuniy kurash olib borgan. Demak, UzAuto byudjetga pul jo‘natyapti, shu pullardan moliyalashtirilayotgan MQKQ layoqatsizligi bilan UzAuto ishiga xalaqit beryapti. (Qo‘mita – tahr.) oltita uyali aloqa kompaniyasi bilan raqobatlashayotgan aloqa bozoridagi Ucell va Beeline monopolistlar reyestirida nima qilyapti, degan savolni berish o‘rniga to‘sqinlik qilyapti”, deydi u.
So‘zida davom etarkan Inoyatxo‘jayev Antimonopoliya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimov aytgan gaplarni eslatib, uning aytganlari judayam to‘g‘riligini ta’kidlagan.
“MQKQ o‘z harakatlari ma’nosizligini aytayotgani yanada kulgili. Antimonopoliya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimov ommaviy ravishda quyidagilarni aytdi: “Bitta yo‘li bor — kirib kelayotgan avtomobillar uchun bojxona to‘lovini pasaytirish kerak. Agar raqobat bo‘lsa, ularni tekshirishga ham hojat qolmaydi. Raqobatning o‘zi hammasini joy-joyiga qo‘yadi.
Agar shu narsa hal bo‘lmasa, “UzAutoMotors” ishini har yili ko‘rib chiqishimiz, sudda yutishimiz ham mumkin. Biroq bu natija bermaydi, buning davosi — bozorda raqobatni paydo qilish”. Oltinga teng so‘zlar, “bravo”! Ammo MQKQ mana shu qoyilmaqom xulosadan keyin yana o‘sha “UzAutoMotors”ni sudga beryapti. Bu yerda mantiq qani?”, deya savol bergan Inoyatxo‘jayev.
MQKQning kompaniyaga qarshi kurash uchun sarflayotgan mablag‘lari soliq to‘lovchilar, jumladan, “UzAutoMotors” tomonidan qoplanishi hamda yuqorida aytilganidek, bojlarni pasaytirish emas, mamalkatning o‘zida boshqa zavodlar ochish yanada to‘g‘ri bo‘lishi ta’kidlangan.
“Eslatib o‘taman, mana shu barcha bema’ni (hatto MQKQ nuqtai nazaridan ham) harakatlar soliq to‘lovchilar, jumladan, rasman ularning orasidagi eng yiriklaridan bo‘lgan Asakadagi avtomobil zavodi tomonidan to‘lanadi. Balki bema’nilik bilan shug‘allanishni to‘xtatish kerakdir? Ehtimol, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan taklif qilingan sodda va samarali yechimni, bizga bitta emas, balki beshta shunday zavod kerak, deganini eslash kerakdir. Beshta zavod, MQKQdagi janoblar! Zavod, importyorlar emas! Ha, bu juda mushkul, lekin aytmoqchi, mamlakatimizda Skoda va Volkswagen ishlab chiqarishga kelishib olgan “O‘zavtosanoat” rahbariyati bu vazifani muvaffaqiyatli yechyapti”, degan Inoyatxo‘jayev.
Jamshid Inoyatxo‘jayev so‘zi so‘ngida Alisher Qodirovning MQKQ vakillarini parlamentga chaqirtirish haqidagi fikrlariga jamoatchilik tomonidan bildirilgan reaksiyaga to‘xtalib o‘tib, tenglik haqdi vaz o‘qigan. Jumladan, u shunday dedi:
“Va nihoyat, “Milliy tiklanish” partiyasi rahbarining “UzAutoMotors” bilan qarama-qarshilik holatiga aniqlik kiritish uchun MQKQ vakillarini parlamentga chaqirish tashabbusidan qattiq g‘azablangan “ilg‘or” jamoatchilikka murojaat qilishga jazm etaman. Yil boshida Oliy Majlis deputatlari aynan shu tarzda avtosanoat rahbariyatini eshituvga chaqirganda, buni olqishlamaganmidingiz? Yoki hamma teng, ammo kimdir baribir tengroqmi? Ikkalasi ham huquqiy jamiyat shakllanishining odatiy ko‘rinishi bo‘lib, deputatlarning vakolati doirasida qonuniy ish tutayotgani uchun ularga tashlanish kamida g‘alati. Shu bilan birga, mantig‘ingizga ko‘ra, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qo‘rqishi uchun hech qanday sabab yo‘q”.
Qayd etish kerakki, “UzAutoMotors”ning o‘zi ham deputat Rasul Kusherboyevning bojlar bo‘yicha taklifiga munosabat bildirib, kompaniya tariflarni o‘rnatishga aloqador emasligini aytgandi.
Yana bir narsani eslatib o‘tsak. Hisob palatasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi va 2021 yil uchun Byudjetnoma bo‘yicha xulosasida “UzAutoMotors” yil boshidan beri byudjetga 582,6 mlrd so‘mni тўламагани aytilgandi. Demak, monopolist 2020 yilda davlatdan yordam olmagan bo‘lsa-da, bu borada mutlaqo chetda qolmagan. Faqatgina olish o‘rniga bermay qo‘ya qolgan.
Ma’lumot uchun, yuqorida “UzAutoMotors” himoyasi uchun aytilgan o‘tkir fikrlarning muallifi Jamshid Inoyatxo‘jayev avvalroq, GM Uzbekistan va GM Powertrain Uzbekistan kompaniyalarida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 dekabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi “UzAutoMotors” va MQKQ o‘rtasidagi nizo bo‘yicha apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqdi. Apellyatsiya sudlov hay’ati birinchi instansiya sudining 2020 yil 30 oktyabrdagi hal qiluvchi qarori va xususiy ajrimi o‘zgarishsiz, keltirilgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi. Qo‘mitaning kompaniyaga qarshi talabi rad etildi.
LiveBarchasi