Hujumga uchragan Wildberries sotuvchilarga kompensatsiya to‘lashni boshladi
Olam
−
23 iyul 3277 3 daqiqa
Wildberries kompaniyasi Ukraina dronlari hujumi oqibatida yo‘qotilgan tovarlar uchun sotuvchilarga kompensatsiya to‘lanishini e’lon qildi. Bu haqda kecha, 22 iyul kuni marketpleys egasi Tatyana Kim ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Moskva viloyatining Elektrostal shahrida tovarlari shikastlangan sotuvchilar “bir kecha-kunduz ichida” pul o‘tkazmalarini olishlari mumkin. Tatyana Kim, eng avvalo, soni 88 mingdan oshadigan “eng kichik va himoyasiz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga” va’da bergan.
U kompaniya “sotuvlar simulyatori”ni ishlab chiqayotganini aytgan: unga ko‘ra, sotuvchilar pulni bosqichma-bosqich – yo‘qotilgan tovarlar ombordan odatdagi sotilish tezligida sotilgandek olib turadi. Yirik sotuvchilar uchun esa u maxsus shartlardagi kreditlash sxemasini e’lon qilgan.
To‘lovlar tushganidan bir necha soat o‘tib sotuvchilar kompensatsiya miqdorining kamligidan shikoyat qila boshlagan. Xususan, ko‘plab tadbirkorlar Wildberries ularga yo‘qotgan mablag‘laridan ancha kam pul to‘laganini bildirgan. Wildberries esa “to‘lovlar bir necha transhda amalga oshirilishini” ma’lum qilgan.
“Birinchi to‘lovlarni hatto eng kam tovar qoldig‘iga ega bo‘lgan sotuvchilar ham olishdi – shu orqali kompaniya birinchi bosqichdayoq jabrlangan tadbirkorlarning maksimal keng doirasiga yordam ko‘rsatdi”, deya xabar bergan kompaniya matbuot xizmati.
Wildberries’dagi manba birinchi transhlar “sotuvchilar barcha tovarni sotishdan ishlab topishi mumkin bo‘lgan summaning 10-15 foizini tashkil etishini” ma’lum qilgan. U bu kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan ixtiyoriy to‘lovlar ekanini qayd etgan.
Wildberries rasman dronlar hujumi oqibatlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi. 7 iyul kuni – birinchi zarbadan 11 kun oldin kompaniya oferta shartlarini o‘zgartirgan: dronlar hujumi “fors-major holatlar qatoriga kiritilgan bo‘lib, bu rasman Wildberries’ni tovar qiymatini qoplash majburiyatidan ozod etadi. Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam haqida hech narsa ma’lum emas.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 iyul kuni Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ko‘rilgan zararlar bilan bog‘liq vaziyatni “murakkab” deb atagan edi. Mulozim hukumat “bu masala bilan shug‘ullanayotgani” va Wildberries bilan “aloqada” ekanini bildirgan.
Sohaviy nashrlar ekspertlarining baholashicha, birgina Moskva va Tambov viloyatlaridagi omborlarda 150-235 milliard rubllik tovarlar saqlangan.
Ukraina Wildberries’ning kamida to‘rtta omboriga hujum qilgan. 19 iyul kuni kuni Moskva va Tambov viloyatlari logistika markazlari, 22 iyul kuni esa Krasnodar va Stavropoldagi omborlar zarbaga uchragan.
Bugun, 23 iyul kuni ertalab Voronej viloyatidagi Wildberries omboriga hujum qilingan, biroq keyinroq bu xabarlar o‘z tasdig‘ini topmagan. Hujumlar qurbonlari umumiy hisobda to‘qqiz kishini tashkil etgan, bir necha o‘nlab kishilar jarohatlangan.
Live
Barchasi