Ukraina hujumiga uchragan Wildberries sotuvchilari 150 mlrd rubl yo‘qotgan bo‘lishi mumkin

Olam

image

Joriy yil 18 iyulga o‘tar kechasi Ukraina Rossiyaning eng yirik marketpleysi – Wildberries’ning ikkita omboriga u yerda dronlar uchun butlovchi qismlar saqlanganini da’vo qilib hujum uyushtirgandi. Ushbu hujum oqibatida sotuvchilar 150 mlrd rubl zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.

Qayd etilishicha, omborlarga va ularda saqlanayotgan tovarlarga yetkazilgan zarar miqdori hozircha noma’lum – hisob-kitoblar uchun kamida bir oy vaqt ketadi. Biroq Forbes ekspertlar yordamida Wildberries va uning sotuvchilari qancha zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkinligini baholashga harakat qildi. Xulosa shunday: sotuvchilarning zarari marketpleysning o‘zi ko‘rgan zarardan ancha ko‘p, marketpleysdan to‘liq tovon puli olish imkoniyati esa juda past.

Wildberries qancha yo‘qotgan bo‘lishi mumkin?

Ukraina hujumiga kompaniyaning Moskva viloyati Elektrostal shahridagi maydoni 250 ming kvadrat metr bo‘lgan Wildberries’ning eng yirik logistika markazlaridan biri, shuningdek, Tambov viloyatining Kotovsk shahridagi maydoni 108 ming kvadrat metr, o‘tgan yili ochilgan omborlari uchragan. 

Ekspertlarning baholashicha, Elektrostal va Kotovskdagi omborlar Wildberries ombor maydonlarining 6,5 foizidan 9 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil qiladi. Ularning yo‘qotilishi marketpleys ishini falaj qilib qo‘ymaydi, lekin logistika tarmog‘iga tushadigan yukni oshirishi mumkin. Shu bilan birga, xaridorlar uchun yetkazib berish muddati sezilarli darajada uzayib ketishi dargumon: Wildberries’da saralash markazlari juda ko‘p, bu esa yo‘nalishlarni tezgina qayta sozlash imkonini beradi.

“Kommersant’” va “Forbes” manbalarining hisob-kitoblariga ko‘ra, omborlarni qayta tiklash kvadrat metri uchun 60 ming rubldan 100 ming rublgacha tushishi mumkin, bu esa umumiy hisobda 22 milliarddan 36 milliard rublgacha bo‘lgan summani tashkil etadi. Taqqoslash uchun: Wildberries’ning 2025 yildagi sof foydasi 175 milliard rublni tashkil etgan.

Yonib ketgan omborlar sug‘urta qilinganmi-yo‘qmi, noma’lum. Bozor ishtirokchilarining aytishicha, Wildberries odatda o‘z ob’ektlarini sug‘urta qilmaydi. Lekin sug‘urtasiz ham kompaniya o‘z kuchi bilan zararni qoplay oladi, ayniqsa Elektrostal va Kotovskdagi omborlarga qilingan hujum logistika jarayonlarining jiddiy va uzoq muddatli buzilishiga olib kelmasa.

Ko‘rinishidan, Wildberries qatordan chiqqan ombor maydonlarini imkon qadar tezroq qayta ishga tushirishga intilmoqda – Kotovskdagi ombor (u yerdagi yong‘inda yetti kishi halok bo‘lgan, lekin yong‘inning o‘zi tezroq o‘chirilgan) 23 iyul kuniyoq, ya’ni hujumdan besh kun o‘tib o‘z faoliyatini qayta boshlaydi. Elektrostaldagi ombor qayta ochiladimi-yo‘qmi, hozircha noaniq. 

Sotuvchilar qancha yo‘qotgan bo‘lishi mumkin?

2024 yilda Wildberries’ning Leningrad viloyati Shushari posyolkasidagi ombori yonib ketgan. O‘shanda kompaniya omborda tovarlari saqlangan sotuvchilarga 35 milliard rubl tovon puli to‘lab bergan. Hozir esa zarar miqdori ancha katta – “Forbes” bilan suhbatda “Data Insight” tadqiqot agentligi tahlilchisi Sergey Semko Elektrostal va Kotovskdagi omborlardagi sotuvchilarning tovar qoldiqlarini 150–235 milliard rublga baholash mumkinligini, “ehtiyotkorona oraliq esa 150–170 milliard rubl” ekanini aytgan.

Rasmiyatchilik nuqtai nazaridan, kompaniya sotuvchilarga zararni qoplab berishga majbur emas. 7 iyul kuni, ya’ni omborlarga hujum qilinishidan 11 kun oldin Wildberries sotuvchilar bilan tuziladigan shartnoma shartlarini o‘zgartirib, o‘zini “fors-major holatlari” uchun javobgarlikdan ozod qilgan va dronlar hujumini ham shunday holatlar sirasiga kiritgan.

“Elektrostal va Kotovskdagi omborlarda tovar saqlagan sotuvchilarning qanchasi shartnomaning yangi shartlarini qabul qilgani noma’lum. Bu shartlarni qabul qilganlarning sudda yutib chiqish imkoniyati juda past. Hujjat qabul qilingunga qadar tovarni omborga olib kelgan yoki shartnomani qabul qilmaganlarning imkoniyati yuqoriroq, ammo bunga ham kafolat yo‘q”, deydi advokat Konstantin Stepanov. 

“Shagi” yuridik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Andrey Sharkovning aytishicha, katta ehtimol bilan shartnoma o‘zgartirilishidan oldin ham sud Fuqarolik kodeksi normalariga tayangan holda dronning to‘g‘ridan to‘g‘ri urilishini fors-major holati deb topgan bo‘lar edi. Shu bilan birga, Sharkovning so‘zlariga ko‘ra, agar sotuvchilar Wildberries tovarni himoya qilish uchun yetarli choralarni ko‘rmaganini sudda isbotlay olsa, yetkazilgan zararning bir qismini qoplashga erishishlari mumkin. 

“Umbrella Consulting Group” boshqaruvchi hamkori Kirill Agapovning bildirishicha, Wildberries uchun kompensatsiya to‘lash nafaqat pul, balki obro‘-e’tibor masalasidir. Ehtimol, shu sababli ham marketpleys omborlarga qilingan hujum qurbonlariga yordam berishga va’da bergan va sotuvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralarini taklif qilgan. Ammo sotuvchilar uchun bu to‘g‘ridan to‘g‘ri tovon puli emas, balki chegirmalar, jarimalarni vaqtincha bekor qilish va kreditlar bilan yordam berishdan iborat. “Forbes” sotuvchilar Wildberries yo‘q qilingan tovarlar qiymatini to‘liq qoplab berishiga umid qilmasa ham bo‘ladi deb hisoblaydi: agar 150–170 milliard rubllik baholash to‘g‘ri bo‘lsa, Wildberries kompensatsiya uchun o‘tgan yilgi seh foydasining deyarli hammasini sarflashiga to‘g‘ri keladi.

Sug‘urta ham yordam berishi dargumon. Wildberries sotuvchilari uchun sug‘urta dasturlari amal qiladi, biroq ular birinchi navbatda tovarning yo‘qolishi, shikastlanishi yoki almashtirib qo‘yilishini qoplaydi. “Polis.online” sug‘urtani rasmiylashtirish servisi bosh direktori Andrey Kreyerning taxmin qilishicha, umuman olganda Wildberries’dagi sotuvchilarning faqat 5–7 foizidagina sug‘urta polislari bor va ularning bor-yo‘g‘i 10–20 foizigina diversiya xavfini o‘z ichiga oladi: bunday polislar odatda ancha qimmat turadi.

Elektron savdo vakillari assotsiatsiyasi rahbari Aleksey Moskalenko zarar ko‘rgan omborlarda inventarizatsiya yakunlangach, sotuvchilar Wildberries bilan muzokaralarni boshlashini ma’lum qilgan. U tomonlar “zararni qoplashning kompromiss (kelishuv) variantini” topishlariga umid bildirgan. Rossiya Savdo-sanoat palatasining elektron tijorat bo‘yicha kengashi rahbari Aleksey Fedorov sotuvchilarga kompensatsiya to‘lash masalasiga davlat ham qo‘shilishi mumkinligini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov mazkur masalada Kiyevning da’volari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing