Milliardlar yonib ketdi
Tahlil
−
22 iyul 5170 6 daqiqa
Biroz oldin Yevropaga “Bizga hujum qilishyapti, tinch aholimizni o‘ldirishyapti”, deb yig‘lab qurol so‘ragan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, 18 iyul kuni urushga umuman daxli bo‘lmagan Rossiyadagi Wildberries omborlariga zarba bergani bilan maqtanmoqda. Albatta, qidirsa bahona ham topiladi. Ukrainaning vajiga ko‘ra, bu omborlardan dron va navigatsiya uskunalarini saqlash hamda yetkazib berish maqsadida foydalanilgan. Tabiiyki, Moskva tomoni buni rad etmoqda. Ammo endi bu da’volarning qay biri to‘g‘riligini bilib bo‘lmaydi. Chunki omborlar allaqachon yonib ketgan, ulardan faqat xaroba va katta zarar ko‘rgan chakana sotuvchilar qoldi.
O‘t ichida qolgan WB
Wildberries nafaqat Rossiyadagi, balki butun MDHdagi eng yirik onlayn do‘kon. Millionlab chakana sotuvchilar va ko‘plab yirik firmalar bilan hamkorligi uning butun mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati qay darajada ekanini ko‘rsatadi. Balki aynan shuning uchun ham Kiyev endi ushbu tarmoqning omborlarini nishonga olayotgandir.
Ilk hujum joriy yilning 18 iyuliga o‘tar kechasi Rossiyaning Tambov va Moskva viloyatlaridagi logistika markazlariga yo‘naltirildi. Ukraina dronlarining hujumi oqibatida 10 ga yaqin kishi halok bo‘ldi, ko‘plab odamlar jarohatlandi.

Tambov viloyatining Kotovsk shahridagi Wildberries logistika markaziga berilgan zarba haqida viloyat gubernatori Yevgeniy Pervishovning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida tungi smenada ishlagan 7 nafar xodim halok bo‘lgan. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 25 kishi jabrlangan. Ulardan 22 nafari shifoxonaga yotqizilgan, 5 nafari og‘ir ahvolda, yana 3 kishiga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Wildberries matbuot xizmati dronlar kompaniyaning Moskva viloyatidagi Elektrostal shahrida joylashgan logistika markaziga ham hujum qilganini ma’lum qildi. Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning bildirishicha, ushbu hujum oqibatida 24 kishi jarohat olgan, ularning bir qismi og‘ir ahvolda.
Jabrlanganlar orasida Markaziy Osiyo, jumladan, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Tasdiqlangan manbalarga ko‘ra, Qirg‘iziston Respublikasining ikki fuqarosi N.A. va J.A. turli darajadagi tan jarohatlari olgan va hozirda ular Elektrostal shahridagi shifoxonada davolanmoqda. Bundan tashqari, omborlarda o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ham ishlagani aytilmoqda.
Dastlabki hujum haqida Vladimir Zelenskiy o‘zining X sahifasida Ukrainaning harbiy imkoniyatlari bilan maqtanib post joyladi. Unga ko‘ra, ushbu hujumlar Rossiyaning Ukraina hududidagi tinch aholi punktlariga qilgan hujumlariga javoban uyushtirilgan.
“Rossiyaning fuqarolik infratuzilmamiz, shahar va aholi punktlarimizga uyushtirayotgan hujumlariga javoban Moskva va Tambov viloyatlaridagi ikki yirik logistika ob’ekti nishonga olindi. Ushbu ob’ektlar front chizig‘idan mos ravishda 500 kilometrdan va qariyb 700 kilometrdan ortiq masofada joylashgan edi”, deb yozadi Zelenskiy.
Shuningdek, u postida bu omborlardan dronlar ishlab chiqarishda va navigatsiya uskunalarini yetkazib berishda foydalanilganini da’vo qilgan.
Ammo 21 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyevning da’volari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi va Ukraina kuchlarini urushga daxli yo‘q tinch ob’ektlarga hujum qilishda aybladi. Bundan tashqari, Rossiya Tergov qo‘mitasi mazkur hujumlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi, ya’ni terroristik harakatlarni sodir etish bo‘yicha jinoyat ishlarini ochgan.

Ikkinchi hujum 21 iyuldan 22 iyulga o‘tar kechasi sodir etildi. WB kompaniyasi asoschisi va direktori yoki yangi til bilan aytganda CEO Tatyana Kimning aytishicha, tunda Krasnodar va Nevinnomiskdagi omborlarga hujum qilingan. Krasnodar viloyati gubernatori Veniamin Kondratevning ma’lum qilishicha, ombor majmuasiga uyushtirilgan hujum oqibatida 10 kishi jarohatlangan.
“Oddiy odamlarga, xodimlarimizga, shunchaki o‘z ishini qilayotgan insonlarga qilingan hujumlar natijasida yuzaga kelgan barcha his-tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalashning iloji yo‘q”, deb yozgan Tatyana Kim o‘zining Telegram kanalida.
Rossiya iste’mol bozorida muhim o‘rin tutadigan kompaniyaga qilingan ushbu hujumlar Kiyevning uzoq masofali dronlardan foydalanish strategiyasi kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Maqsad – Rossiyaning urush olib borish salohiyatiga putur yetkazish va Kremlni tinchlik muzokaralariga majbur qilish uchun bosimni kuchaytirish. Ammo bu yo‘lda harbiy harakatlarda ishtirok etmaydigan va urushga umuman aloqasi yo‘q bo‘lgan korxonalarga tasdiqlanmagan bahonalar bilan hujum qilish urushni faqat va faqat kengaytiradi. Bundan tashqari, WB kabi ko‘plab oddiy aholining ro‘zg‘or tebratishiga ko‘maklashib turgan ulkan korxonaga zarba berish insoniylikka ham, unutilgan urush qonunlariga ham zid.
Kompensatsiya beriladimi?
Tasodifmi yoki oldindan qilingan aqlli rejami, buni aytish qiyin. Ammo WB biroz avval, 7 iyul sanasidan boshlab, uchuvchisiz apparatlar hujumi, raketa zarbalari yoki boshqa harbiy harakatlar oqibatida omborlarda shikastlangan yoki yo‘q qilingan mahsulotlar uchun sotuvchilarga kompensatsiya to‘lamasligini e’lon qilgan edi. Boshqacha qilib aytganda, agar mahsulot omborda turgan paytda Ukraina dronlarining hujumi oqibatida yonib ketsa yoki butunlay yo‘q bo‘lsa, kompaniya uni qoplab berishga majbur emas. Buni qarangki, oradan 11 kun o‘tib, Ukraina dronlari birin-ketin tarmoqning omborlariga hujum qila boshladi.
Konspirologiyalarni chetga surib fikr yuritadigan bo‘lsak, mazkur o‘zgarish Rossiya hududiga uyushtirilayotgan uzoq masofali dron hujumlari keskin ko‘paygan bir paytda kuchga kirdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, tarmoq rahbariyati ham ehtimoliy hujumlardan xavotir olib, oldindan shartnoma shartlarini yangilab qo‘ygan.
Shunday bo‘lsa-da, el og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda WB rahbariyati hujumlarni oldindan bilgan, Rossiya ham xalqaro maydonda o‘zini jabrlanayotgan qilib ko‘rsatish va Ukrainani tinch ob’ektlarga hujum qilishda ayblash uchun bunga qo‘yib bergan degan gumonlar tarqala boshladi.
Yangi shartnoma kuchga kirishi bilan eng katta zarba marketplace orqali savdo qiluvchi tadbirkorlarga tegdi. Ularning aksariyati o‘z mahsulotlarini kompaniya omborlariga topshirgach, ularning xavfsizligi uchun platforma javob beradi, degan qarashda edi. Endilikda esa urush bilan bog‘liq xavflar to‘liq yoki deyarli to‘liq sotuvchilar zimmasiga yuklanmoqda.
Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, ayrim tadbirkorlar omborda yo‘qolgan tovarlar tufayli yuz minglab, hatto millionlab rubl zarar ko‘rgan. Kichik biznes egalari uchun esa bunday yo‘qotish faoliyatni davom ettirish imkoniyatini ham xavf ostiga qo‘ymoqda. Sotuvchilar yangi shartnoma urush xavfini kompaniyadan biznes vakillariga o‘tkazayotganini ta’kidlab, bunga norozilik bildirmoqda. “Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida sotuvchilar 150 mlrd rubl zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin.

Biroq bosh direktor Tatyana Kim vaziyatni yumshatish maqsadida kompaniya yangi shartnoma bo‘yicha harbiy harakatlar oqibatida zarar ko‘rgan mahsulotlarni qoplashga rasman majbur bo‘lmasa-da, sotuvchilarni yolg‘iz qoldirmasligini ma’lum qildi.
“Biz uchun eng muhimi – hamkorlarimiz imkon qadar tezroq ishini tiklashi. Buning uchun birinchi qadam sifatida saqlash xizmatlari va tranzit logistikasi bo‘yicha imtiyozlar joriy qilyapmiz”, dedi Tatyana Kim.
Uning ta’kidlashicha, kompaniya har bir holatni alohida ko‘rib chiqishga va imkon qadar tadbirkorlarga yordam berishga harakat qiladi. U ilgari ham favqulodda vaziyatlarda ayrim sotuvchilarga individual yordam ko‘rsatilganini eslatib, bunday amaliyot kelgusida ham davom etishi mumkinligini bildirgan. Biroq bu yordam endi shartnoma bilan kafolatlanmaydi, balki kompaniyaning ichki qarori va imkoniyatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Ammo, kompaniyaning o‘zi ham katta zarar ko‘rganini inobatga olsak, bu yordamlar qay darajada bo‘lishini tahmin qilish mumkin. “Kommersant’” va “Forbes” manbalarining hisob-kitoblariga ko‘ra, omborlarni qayta tiklash – kvadrat metri uchun 60 ming rubldan 100 ming rublgacha tushishi mumkin, bu esa umumiy hisobda 22 milliarddan 36 milliard rublgacha bo‘lgan summani tashkil etadi.
Umuman olib qaraganda, urush allaqachon front chizig‘idan tashqariga chiqib ketdi. Rossiyaning klassik harbiy harakatlari Ukraina hududida davom etayotgan bo‘lsa, Ukraina birgina zamonaviy dron texnologiyalari bilan Rossiyaning ichidagi infratuzilmalariga xavf solmoqda. Neft omborlari, harbiy bazalar va endi shunchaki tijorat tarmoqlarining omborlari. Agar urush hali tugamasa, balki Ukraina to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremlga ham hujum qilishi mumkin. Buni endi vaqt ko‘rsatadi.
Live
Barchasi