Hukumat yog‘ importiga doir qaror imzoladi
Jamiyat
−
02 iyun 2021
7438O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kecha, 1 iyun kuni imzolangan qarori bilan “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxatidan quyidagilar chiqarib tashlandi:
• Soya, araxis, zaytun yog‘i (TIF TN kodlari: 1507101000, 1507901000, 1508101000, 1509101000, 1509900000);
• Kungaboqar yog‘i (TIF TN kodlari: 1512111000, 1512191000, 1512199002);
• Paxta yog‘i (TIF TN kodlari: 1512211000, 1512291000).
Eslatib o‘tamiz, Hukumatning “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori joriy yilning 29 yanvarida qabul qilingandi. Qaror bilan O‘zbekistonga xorijda ishlab chiqariladigan 529 turdagi tovar va xizmatlarni davlat xaridlari sifatida import qilish taqiqlangan.
O‘simlik yog‘i narxi atrofidagi vaziyat
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘simlik yog‘ini QQSdan vaqtincha ozod qilish haqida qonun qabul qilib, Senatga yuborgan edi.
Shundan so‘ng, Senat o‘simlik yog‘ini QQSdan ozod qilish haqidagi qonunni ma’qulladi. 30 aprel kuni O‘zbekistonga o‘simlik yog‘ini olib kirish QQSdan ozod qilindi.
Ushbu sohadagi mutaxassis esa yog‘-moy QQSdan ozod qilingani bilan narxlar tushmasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, birja savdolarida texnik chigitning boshlang‘ich narxlarini kelishib sun’iy oshirish va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari yuzasidan 34 ta paxta-to‘qimachilik klasterlariga nisbatan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ish qo‘zg‘atilgandi.
Qolaversa, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham mas’ullarga aholining yog‘-moy mahsulotlariga talabini qondirish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.
LiveBarchasi