Hukumat qat’iy karantinga qaytish haqida qaror qabul qilishi mumkin, agar...
Jamiyat
−
24 Sentabr 2020
70795Karantin. Bu kundalik hayotimizdagi asosiy so‘zga aylandi. O‘zbekistonda 15 avgustdan boshlab karantin choralarining keskin yumshatilishi va odamlarning ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish kabi choralarga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lishni boshlashi, buning oqibatida esa yangi bemorlar aniqlanishi bilan bog‘liq kundalik raqamlarning ortib borishi, ekspertlarning ikkinchi to‘lqin va kuz-qish mavsumida bemorlar ko‘payishi borasidagi bashoratlari mamlakat yana kuchaytirilgan karantinga qaytadimi degan savolning takror va takror kun tartibiga chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Xo‘sh, O‘zbekistonda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat yomonlashsa, qanday chora-tadbirlar ko‘riladi? Agar vaziyat yomonlashsa yana karantinga yopilish ehtimoli haqida aniq ma’lumotni bilish mumkinmi?
Ushbu savollarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov quyidagicha javob berdi:
“O‘zbekiston hukumati agar COVID-19 qayd etish holatlari yuqori tezlikda oshib boraversa, qat’iy karantin choralariga qaytishga qaror qabul qilishi mumkin.
So‘nggi kunlarda har kuni 600dan oshiq yangi holatlar qayd etilmoqda. Chunki aholi karantin qoidalariga to‘la rioya etmayapti. Virusning keng tarqalib ketish ehtimoli yuqori, buning natijasida esa vaziyat og‘irlashishi mumkin. Hukumat esa vaziyatdan kelib chiqib bir qator cheklovchi choralarni, jumladan qat’iy karantin joriy qilishga majbur bo‘ladi”.
Dunyo bo‘yicha O‘zbekiston pandemiyaning birinchi to‘lqini davrida kuchaytirilgan karantin choralarini qo‘llagan ikkinchi mamlakat bo‘ldi. Bundan avval, Qozog‘istonda birinchi to‘lqin davrida karantin choralari ikkinchi bor kuchaytirilgan edi. O‘zbekistonda so‘nggi bor kuchaytirilgan karantin 10 iyuldan 31 iyulgacha deb e’lon qilingan edi. Keyinroq u 15 avgustgacha uzaytirildi. Agar Respublika maxsus komissiyasi yana karantinni kuchaytirgudek bo‘lsa, u qanday bo‘ladi. Bu haqda Nurmat Otabekov shunday shunday deydi:
“Fikrimcha, bu lekin ikki oy avvalgidek keng ko‘lamli karantin bo‘lmaydi. Biroq epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirishga yo‘naltirilgan turli variantlar bo‘lishi mumkin.
Respublika aholisi muayyan va oddiy majburiyatlar - niqobni to‘g‘ri taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptiklardan foydalanish va qo‘llarni tez-tez yuvish mas’uliyatini unutmasligi kerak”.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 53 667 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 49 832 nafari sog‘aygan, 445 nafari vafot etgan.
LiveBarchasi