O‘zbekistonda O‘RVI sababli maktablar yopiladimi?
Salomatlik
−
04 dekabr 2023
26814Hozirda aksariyat mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham mavsumiy kasalliklar tarqalishi ko‘paygan. Ayniqsa, bolalarda bu jarayon biroz og‘ir kechmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi o‘quv muassasalarida ta’lim jarayonining to‘xtashi uchun yetarli asos bo‘lmasligini aytdi.
“Gap shundaki, biz o‘tkir respirator infeksiyalar tarqalishi zanjirini uzishga harakat qilishimiz kerak. Kasallik tarqalishida uch muhim bo‘g‘in bor: kasallik manbai, yuqish yo‘li, yuqtirishga moyil organizm”, deydi mutaxassis.
Uning aytishicha, agar kasallangan bolalarni maktabga, bog‘chaga, jamoat joylariga yuborilaversa, ular boshqalarga infeksiya yuqtirishda davom etadi.
“Har birimiz o‘tkir respirator kasalliklar, xususan, grippni yuqtirishga moyilmiz. Shuning uchun ham ota-onalarga kasallik belgilari bo‘lgan farzandlarini bog‘cha va maktablarga, oliy ta’lim muassasalariga yubormaslikni maslahat beramiz. Bunday paytda shifokor ko‘rsatmasiga asosan, uy sharoitida zarur muolajalarni olib borish maqsadga muvofiq”, deydi Nurmat Otabekov.
Bundan tashqari, Otabekov O‘zbekistondagi barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalarida bemorlar uchun o‘rin-joy va zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilganini ta’kidlagan.
“Aholi orasida gripp mavsumi haqida "bu — yangi pandemiya" degan mish-mishlar uchramoqda. Bu gaplar mutlaqo asossiz. Aytish kerakki, bu hatto epidemiya ham emas”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Nurmat Otabekovga ko‘ra, o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi Toshkentda va mamlakatning ayrim hududlarida ko‘proq qayd etilayotgani kasallik tarqalishi epidemik bo‘sag‘aga yetganiga asos bo‘la olmaydi.
“Shu sababdan ham o‘quv muassasalarida ta’lim jarayonini to‘xtatishga yetarli asos ko‘rmayapmiz”, deydi mutaxassis.
U hozirgi vaziyatdagi asosiy vazifa bemorlarni alohidalash, ularni jamoat joylaridan uzoqda tutish ekanini aytgan.
“Bemorlar muloqot chog‘ida doim tibbiy niqobda bo‘lishi, ijtimoiy masofa saqlashlari, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilishi shart”, deya tavsiya qiladi Otabekov.
Shuningdek, u kasallikka qarshi emlanish unga qarshi kurashishning samarali usuli ekanini unutmaslikka chaqirgan. Otabekovning bildirishicha, mavsum oldidan mamlakatda grippga qarshi vaksinalarning yetarli miqdori shakllantirilgan. Ayni paytda xususiy emlash punktlarida ham 3 xil grippga qarshi vaksina mavjud.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq SSV Toshkent shahrida kichik yoshdagi bolalarning nafas yo‘llari yuqumli kasalliklariga chalinishi ko‘paygani, buning oqibatida poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar ham ortganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi