Shvetsiyadagi maktabda dahshatli otishma sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Kecha, 4 fevral kuni Shvetsiyaning poytaxt Stokgolmdan 200 km g‘arbda joylashgan Erebru shahridagi ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan otishma oqibatida o‘nga yaqin odam halok bo‘ldi. Bu haqda “Expressen” xabar berdi.

Erebru Shvetsiyaning oltinchi yirik shahri bo‘lib, unda taxminan 125 ming kishi yashaydi. Otishma kecha, 4 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da sodir bo‘lgan. U Komvuks deb nomlangan kattalar ta’lim markazida ro‘y bergan. Ushbu markaz asosan boshlang‘ich yoki o‘rta maktabni tugatmagan kishilar uchun mo‘ljallangan.

Ushbu markaz bir necha ta’lim muassasalari joylashgan yirik kampus tarkibiga kiradi, ulardan biri esa bolalar maktabi hisoblanadi. Dastlabki xabarlarda hodisa sodir bo‘lgan joy “maktab” sifatida ko‘rsatilgan.

Voqea sodir bo‘lgach, politsiya, shifokorlar va qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Shahar rasmiylari aholini ushbu hududdan uzoqroq yurishga chaqirgan. Hodisa joyidan olingan suratlarda o‘nlab qurollangan politsiyachilar, ko‘plab tez yordam mashinalari va favqulodda xizmat avtomobillari aks etgan. Dastlab politsiya besh kishi jarohatlanganini bildirgan edi.

“Hozircha bu hodisa qotillikka suiqasd, yong‘in chiqarish va og‘ir qurolli jinoyat sifatida baholanmoqda”, deyilgandi politsiya bayonotida.

Mahalliy sog‘liqni saqlash xizmatlari barcha jabrlanuvchilar shifoxonaga yotqizilganini, ulardan biri og‘ir ahvolda ekanini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng, jarohatlanganlar soni olti nafarga yetgani e’lon qilindi.

Shahar politsiyasi boshlig‘i Roberto Eyd Forest hodisa oqibatida taxminan 10 kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan. Qurbonlar orasida hujumni sodir etgan shaxs ham bo‘lishi mumkin. Biroq politsiya hali aniq sonni oshkor qilmagan.

Forestning so‘zlariga ko‘ra, otishmani sodir etgan shaxs ilgari huquq-tartibot organlari e’tiboriga tushmagan, hech qanday tashkilot yoki jinoiy guruh bilan bog‘liq bo‘lmagan. Hozircha politsiya bu hujumning terrorizm bilan bog‘liq ekanini tasdiqlamagan va gumondorni yakka harakat qilgan jinoyatchi deb hisoblamoqda.

Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson favqulodda matbuot anjumani chog‘ida ushbu otishmani mamlakat tarixida misli ko‘rilmagan hodisa deb atagan. Unga ko‘ra, bu “hech qachon takrorlanmasligi kerak bo‘lgan fojia”. Uning yonida turgan Adliya vaziri Gunnar Stryommer ham shunday fikr bildirgan va Shvetsiyada bunday miqyosdagi maktab otishmasi ilgari hech qachon bo‘lmaganini ta’kidlagan.

Vazir, shuningdek, hujum qilgan shaxs avval politsiya tomonidan qayd etilmaganini tasdiqlagan.

“Asosiy gumondor halok bo‘lganlardan biri bo‘lib qolmoqda. Biz hozircha bu hujumning sabablarini bilmaymiz”, deydi Stryommer.

Rasmiylar shahar aholisi uchun hech qanday qo‘shimcha xavf yo‘qligini aytib, bolalarni maktabga odatdagidek yuborishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 21 yanvar kuni AQSHning Tennessi shtati Nashvill shahridagi maktab oshxonasida mahalliy vaqt bilan taxminan soat 11:00 da o‘quvchi tengdoshini otib o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qilgandi va yana bir o‘quvchini yaralagan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

maktab Shvetsiya otishma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing