“Ikki 15 bir 30”: SES raisi o‘rinbosarlari qayta o‘z o‘rniga tayinlandi
Jamiyat
−
13 Oktabr 2023
8544Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisiga o‘rinbosarlar tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Nurmat Otabekov Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Otabekov 2020 yildan shu vaqtga qadar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Xuddi shu yildan boshlab Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining ilm-fan va innovatsiya bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan Botirjon Qurbanov esa SES qo‘mitasining rais o‘rinbosari lavozimiga o‘tdi.
Shuningdek, Qobiljon Hayitov Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlangan. U avvallari Davlat soliq qo‘mitasi Moliya va moddiy-texnika ta’minoti boshqarmasi Buxgalteriya bo‘limi davlat soliq bosh inspektori bo‘lib ishlagan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan bugungacha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida qo‘mitaga aylantirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zgarishlardan so‘ng “SES” rahbari o‘tirgan o‘rnini yo‘qotmagandi.