O‘zbekistonda o‘lat bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror – Nurmat Otabekov
Jamiyat
−
15:24 703 3 daqiqa
So‘nggi kunlarda Rossiya Federatsiyasining Irkutsk shahrida o‘lat kasalligi bo‘yicha gumon qilinish holati qayd etilgani haqida xabarlar berilmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda ushbu kasallik bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat haqida ma’lumot berdi.
“Avvalo shuni aytish kerakki, mamlakatimizda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘q”, deydi u.
Bildirilishicha, Rossiya Federatsiyasining “Rospotrebnadzor” tashkiloti rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Irkutsk shahrida kuzatilgan holatning o‘lat kasalligi, xususan, uning o‘pka shakli bilan bog‘liq ekani hozircha tasdiqlanmagan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli tekshiruvlar olib borilmoqda.
O‘lat – bakteriyalar tomonidan chaqiriladigan o‘ta xavfli yuqumli kasallik. Uning tabiiy o‘choqlari dunyoning ayrim hududlarida mavjud. Xastalik asosan mayda sut emizuvchi hayvonlar orasida uchrab, insonga ko‘p hollarda kasallangan hayvonlar va ulardagi burgalar chaqishi orqali yuqishi mumkin.
O‘zbekistonda shu va boshqa o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar tizimi yaratilgan.
Xususan, ayni paytda davlat chegaralarini kesib o‘tish joylari (xalqaro aeroportlar, temir yo‘l stansiyalari, avtomobil yo‘llari)da 53 ta sanitariya nazorat punkti faoliyat yuritmoqda. Ular orqali xorijdan O‘zbekistonga kirib kelayotgan shaxslar doimiy tibbiy kuzatuvdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmatlarining o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni aniqlashga ixtisoslashgan laboratoriyalari zarur diagnostik vositalar, ozuqa muhitlar, reagentlar va reaktivlar bilan to‘liq ta’minlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 2 oktyabrga o‘tar kechasi Shelexov tuman shifoxonasida o‘latga qarshi institutda ishlagan 28 yoshli Darya Shipilova vafot etgandi. OAV uning o‘limini o‘pka o‘lati bilan zararlanishga bog‘ladi. 1 oktyabr kuni shifoxonaning bir nechta bo‘limlarida bemorlarni qabul qilish va chiqarish to‘xtatildi. Ayol bilan muloqotda bo‘lgan 197 kishi tibbiy nazoratga olindi.
4 oktyabr kuni Rospotrebnadzor xodimda noaniq etiologiyali pnevmoniya – kelib chiqishi aniqlanmagan o‘pka yallig‘lanishi bo‘lganini ma’lum qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, uning tahlillarida kasbiy faoliyati bilan bog‘liq mikroorganizmlar topilmagan. Ayol bilan muloqotda bo‘lganlarda COVID-19 va rinovirus infeksiyasining ikkitadan holati aniqlangan. Boshqa qo‘zg‘atuvchilar topilmagan.
6 oktyabr kuni Shelexov tumani rahbari o‘rinbosari Yelena Sofina “xavfli tashxis” tasdiqlanmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtiyot chorasi sifatida karantinga joylashtirilgan odamlarning 60 foizi allaqachon qo‘yib yuborilgan. Mahalliy OAV avvaliga cheklovlar 200 ga yaqin kishiga ta’sir qilganini xabar qilgan edi.
Irkutsk viloyatidagi o‘lat haqidagi xabarlar fonida Markaziy Osiyo mamlakatlari chegarada sanitariya nazoratini kuchaytirishni boshladi. Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston hukumati bunday choralarni 3 oktyabr kuni joriy etdi. So‘ngra Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham kuchaytirilgan sanitariya-karantin nazoratini o‘rnatdi.
Live
Barchasi