Rasman: O‘zbekistonda Gonkong grippi aniqlandi

Salomatlik

image

O‘zbekistonda grippning A (H3N2) turi aniqlanmoqda. Grippning bu turi Gonkong grippi deb ham ataladi. Bu haqda bugun, 13-dekabr kuni AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonga Gonkong grippi yetib kelgani haqidagi vahimali xabarlar tarqala boshladi. Aholi orasida vahima uyg‘otmaslik maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov yana bir bor chiqish qildi va mamlakatda Gonkong grippi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirish berdi.

Uning aytishicha, bu gripp 1960-yilda Gonkongda tarqalgan virus hisoblanadi. O‘sha davrda u H2N2 virusidan mutatsiya bo‘lib shakllangan virus sifatida tarqalgan va bir necha Sharq davlatlarida muammoli vaziyatlarni keltirib chiqargan.

“Hozir bu oddiy, mavsumiy gripp virusi hisoblanadi va ishlab chiqarilgan vaksinalarning barchasi ushbu virusga nisbatan ishlaydi. Demak O‘zbekiston Respublikasida hozirgacha ishlatilgan 2 million 200 ming doza vaksina bevosita mana shu shtammga qarshi ishlaydi”, deydi Nurmat Otabekov.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hududidagi xususiy emlash punktlarida mavjud bo‘lgan yana 3 turdagi vaksina ham bevosita bu yil mavsumiy tarqalishi kutilayotgan grippning aynan shu shtammiga qarshi ishlaydigan qilib tayyorlangan.

“Shunday ekan bundan bir jiddiy xavotir qilish, yoki bo‘lmasa o‘zimizdan-o‘zimiz Gonkong virusi qaytyapti degan bir vahimani yasab olishimizga hech qanaqa asosni ko‘rayotganim yo‘q. Bu oddiy, mavsumiy virus ekanini yana bir bor e’tirof etib o‘tamiz”, deydi Otabekov.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Nurmat Otabekov Gonkong grippi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing