Hokim yordamchisi, IIB va Milliy gvardiya xodimlari pora bilan qo‘lga tushdi

3-sahifa

image

O‘zbekistonning Farg‘ona, Jizzax va Samarqand viloyatida hokim yordamchisi, IIB, Milliy gvardiya, Elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Farg‘ona viloyatining Rishton tumani elektr tarmoqlari korxonasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlovchi shaxs yakka tartibdagi tadbirkorning kulolchilikka ixtisoslashgan ustaxonasi elektr tarmog‘iga noqonuniy ulangani bois, unga nisbatan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bo‘yicha 2 mlrd so‘m miqdorida jarima solinishi mumkinligini aytib, ushbu jarimani kamaytirib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 6600 AQSH dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hamkorlikda o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa Marg‘ilon shahar “Nadirmat” mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga Farg‘ona shahar Qirguli mavzesida joylashgan 0,5 sotix bo‘sh yer maydonini “Ye-auksion” platformasi orqali yutib, kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Shuningdek, Jizzax viloyatida kuzatilgan holatda, Sharof Rashidov tumani Ichki ishlar bo‘limi Vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig‘i hozirda ayblov e’lon qilinib, mazkur hibsxonada saqlanayotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqayotgan sudya tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur mansabdor shaxs muqaddam o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, hibsxonada saqlanayotgan ushbu fuqaroning oila-a’zolari bilan uchrashishi hamda uyidan olib kelingan oziq-ovqat mahsulotlarining kiritilishi uchun ruxsat berish evaziga 400 AQSH dolari olgani ham ma’lum bo‘lgan.

Milliy Gvardiyaning Samarqand viloyati Ishtixon tumanlararo Qo‘riqlash bo‘limi xodimi mahalliy fuqaroga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qism “v” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 1,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda ma’muriy javobgarlikka tortmaslik evaziga 600 AQSH dollari talab qilgan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi ushlangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

pora Hokim yordamchisi Milliy gvardiya xodimlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made