Hoqon Fidan HAMAS vakillari bilan uchrashdi
Olam
−
07 dekabr
2190Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan kecha, 6 dekabr kuni Qatar poytaxti Dohada HAMAS siyosiy byurosi a’zolari bilan uchrashdi. Bu haqda Turkiya TIVning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilindi.
Vazirlik uchrashuvda nimalar muhokama qilingani va nimalarga erishilgani to‘g‘risida batafsil ma’lumot bermagan.
Fidan Dohadagi uchrashuvlari doirasida bugun, 7 dekabr kuni boshlanadigan 22-Doha forumida ishtirok etadi va forum doirasida mavqedoshlari bilan muzokaralar olib boradi. Vazir Rossiya Federatsiyasi va Eron Tashqi ishlar vazirlari ishtirokida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Ostona formatidagi yig‘ilishda ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 noyabr kuni Qatar hukumati G‘azo sektorida sulh tuzish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda vositachilik rolidan voz kechib, HAMAS harakatini o‘z idorasini Dohadan ko‘chirish zarurligi haqida ogohlantirgan edi.
19 noyabr kuni Qatar Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Majid bin Muhammad al-Ansariy HAMASning G‘azo bo‘yicha muzokaralar guruhi a’zolari Doxada emasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, u HAMAS siyosiy byurosi ofisi Qatarda muloqot uchun joylashganini, vositachilik funksiyalari bo‘lmasa, harakat vakolatxonasi mavjud bo‘lishiga zarurat ko‘rilmayotganini ta’kidlagan.
Shundan so‘ng, “The Times of Israel” nashri ismi oshkor etilmagan arab diplomatik manbasiga tayanib, HAMASning yuqori lavozimli rahbarlari Qatar vositachilikni to‘xtatganidan so‘ng Turkiyaga ketganini yozgandi. Ushbu xabar keyinchalik HAMAS va Turkiya tashqi ishlar vazirligi tomonidan rad etilgan. Keyinroq “Sky News Arabia” telekanali Falastinning HAMAS harakati siyosiy byurosining barcha a’zolari oilalari bilan birga Qatardan chiqib ketgani haqida xabar bergandi.
LiveBarchasi