“Hizbulloh” yetakchisi Isroilga hujumlar qayerdan bo‘lishini oshkor qildi
Olam
−
06 avgust
20920“Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrullohning aytishicha, uning qurolli kuchlarining Isroil shimolidagi aholi punktlariga qilgan so‘nggi hujumlari hali harbiy qo‘mondon Fuad Shukr va HAMAS harakati rahbari Ismoil Xoniyaning yo‘q qilinishiga javob emas. Bu haqda u bugun, 6 avgust kuni “Al Manar” telekanali efiridagi chiqishida so‘z ochdi.
“Isroilga qarshi zarbalar Eron, Yaman va Livandan tayyorlanmoqda, ular albatta amalga oshiriladi. Bizning jamoaviy javobimiz kuchli, sezgir va samarali bo‘ladi”, deydi “Hizbulloh” yetakchisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Hizbulloh” mojaroning kengayishi tashabbuskori bo‘lmagan.
“Biz harbiy kuchayishga intilmadik, bu Isroilning qarori, ularning tanlovi. Endi oramizda kechayu kunduz janglar bo‘ladi”, deydi u.
Nasrullohning ta’kidlashicha, “Hizbulloh” bir soatdan kamroq vaqt ichida Isroilning bir nechta harbiy zavodlarini yo‘q qilishga imkon beradigan raketa qurollariga ega.
“Isroilliklarning bir hafta davomida bizdan qasos kutayotgani ularning jazosining bir qismidir”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eron Vengriya orqali Isroilni o‘ziga qarshi hujumga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi