Hindiston O‘zbekistonning infratuzilmasiga katta mablag‘ kiritmoqchi
Jamiyat
−
21 Oktabr
5444O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va Hindiston Eksport-import banki (Hindiston Eksimbanki) o‘rtasida onlayn muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma’lum qildi.
Tomonlar O‘zbekiston hukumati va Hindiston Eksimbanki o‘rtasidagi infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun Hindiston hukumatining kredit ajratishiga oid o‘zaro moliyaviy va texnik yordam to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan.
Hindistonning rejalarida avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash, oliy o‘quv yurtlarida onlayn smart-auditoriyalarni tashkil etish, aholi yashash joylarida kanalizatsiya tizimlarini qurish va boshqa yo‘nalishlar kiradi. Shuningdek, yaqin orada rejalashtirilgan ishlarni boshlashga kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Dok-1 Maks”dan “kuygan” O‘zbekiston Hindiston bilan farmatsevtika xavfsizligini muhokama qilgandi. Hindiston tomoni esa sifat nazoratidan o‘tmagan farmatsevtika mahsulotlarining O‘zbekiston bozoriga kirib borishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘zining ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish va Markaz bilan hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanligini bildirgan. 2022 yilning dekabr oyida O‘zbekistonda Hindistonning “Dok-1 Maks” tabletka va siropidan jami 70 nafarga yaqin bolaning o‘lim holati kuzatilgan. Mazkur dori savdosi butkul to‘xtatilib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ko‘rib chiqilgan sud ishi yakuni bo‘yicha esa jami 19 kishi jazolangan.
LiveBarchasi