Hindiston koinotga odamsimon robot uchiradi
Olam
−
08 fevral
4689Hindiston 2024 yilning uchinchi choragida orbitaga “Vyommitra” nomli odamsimon robotni jo‘natmoqchi. Bu haqda Hindiston Fan va texnologiyalar vaziri Jitendra Singx so‘zlariga tayanib, TASS ma’lum qildi.
"Ushbu missiya joriy yilning uchinchi choragiga rejalashtirilgan bo‘lib, kema astronavti kosmik muhitda inson funksiyalariga taqlid qilish hamda hayotiy tizimlar bilan aloqa o‘rnatish uchun mo‘ljallangan", deydi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, robot orbital modul parametrlarini kuzatishi, kemaning oltita panelini boshqarishi va savollarga javob berishi mumkin.
Qayd etilishicha, robotning nomi sanskrit tilidagi ikkita so‘zdan olingan bo‘lib, "vyom”– kosmos va "mitra”– do‘st degan ma’nolarni anglatadi. Fazogir robot ayol qiyofasida bo‘lib, bir nechta tillardagi savollarga bemalol javob bera oladi. Shu jumladan, kemaning texnik holatiga oid ma’lumotlar ham undagi sun’iy ongga yuklangan.
Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ICRO) rahbari Shridxara Paniker Somnatx respublika 2025 yilning oxirigacha ekipaj bilan birinchi kosmik kemani orbitaga chiqarishini aytmoqda.
2018 yil avgust oyida mamlakat Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lganining 75 yilligi munosabati bilan Bosh vazir Narendra Modi Hindistonning o‘g‘li yoki qizi 2022 yilga kelib Hindiston milliy bayrog‘ini kosmosga olib chiqishini e’lon qilgandi. Loyihaning nomi "Gaganyan" – sanskritcha "samoviy kema" degan ma’noni anglatadi. Biroq, 2020 yilning mart oyida boshlangan COVID-19 pandemiyasi tufayli ushbu loyiha ustida ishlash to‘xtatilgandi.
Ushbu missiya muvaffaqiyatli amalga oshirilganidan keyin orbitaga tarkibida ayol mavjud bo‘lgan ekipaj uchirilishi mo‘ljallangandi. Ehtimol, shuning uchun ham Hindiston kosmik agentligi kosmosga birinchi bo‘lib chiqadigan odamsimon robotni ayol ko‘rinishida yasashga qaror qilgandir. Shunday bo‘lsa-da, hozirgacha faqat to‘rt kishi Hindistonning birinchi kosmik missiyasi uchun asosiy nomzod sifatida tanlangan. Kosmonavtlarning ism-shariflari hali e’lon qilinmagan, biroq ularning barchasi sobiq harbiy havo kuchlari uchuvchilari ekani ma’lum. Nomzodlar Rossiyadagi Yuriy Gagarin nomidagi Kosmonavtlar tayyorlash markazida o‘qitilgan.
Ulkanbayeva Rayhona
LiveBarchasi