Hibsdagi Imomo‘g‘li Turkiya prezidentligiga nomzod bo‘ldi
Olam
−
24 mart
7196Korrupsiya ayblovi bilan hibsga olingan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatilishi uchun 14,85 milliondan ortiq kishi ovoz berdi. Bu haqda NTV telekanali xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, Turkiya muxolifati – Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel hibsga olingan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surilishi uchun deyarli 15 million kishi ovoz berganini bildirgan.
“Bizning partiyamiz a’zolaridan 1 million 673 ming kishi ovoz berish jarayonida ishtirok etdi. Biz hamjihatlik qutilarini yaratishga qaror qildik. Bugun ovoz berish uchun byulletenlar yetishmadi, vaqt ham yetarli bo‘lmadi. Hamjihatlik qutilariga jami 13 million 211 ming ovoz tashlandi. Ekrem Imomo‘g‘li esa 14 million 50 mingdan ortiq ovoz oldi”, dedi O‘zel.
U, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anni muddatidan avvalgi saylovlarni tayinlashga chaqirgan.
Ekrem Imomo‘g‘lining o‘zi ham bu haqdagi ma’lumotga X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida izoh bergan.
“Silivri qamoqxonasidan meni juda quvontirgan xabarlarni sizlar bilan baham ko‘rmoqchiman. Bizning Jumhuriyat Xalq partiyamiz o‘tkazgan dastlabki prezidentlik saylovlarida rekord darajadagi ishtirok qayd etildi. 15 million fuqaromiz ovoz berdi. Bu mamlakatda hukumat zulmidan, barbod bo‘lgan iqtisodiyotdan, beqarorlik va qonunsizlikdan aziyat chekkan o‘n millionlab insonlar ovoz berish uchun qutilarga yo‘l oldi”, deb yozgan hibsdagi Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekrem Imomo‘g‘li Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan Istanbul shahar hokimligiga qarshi ochilgan korrupsiya tergovi doirasida hibsga olingan edi. Istanbul Bosh prokuraturasi Imomo‘g‘li va 99 gumonlanuvchiga nisbatan jinoiy tashkilot yetakchisi bo‘lish, jinoiy tashkilotga a’zolik, tovlamachilik, poraxo‘rlik, malakali firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish va tender savdolarini soxtalashtirish kabi ayblovlar bilan boshlangan tergov ishlarini davom ettirmoqda.
Bosh prokuratura Imomo‘g‘li “qurolli terror tashkilotiga yordam berganligi bo‘yicha kuchli gumon” borligini, ammo uni moliyaviy jinoyatlar uchun hibsga olish qarori allaqachon chiqarilgani sababli, uning yana hibsga olinishi “hozirgi bosqichda zarur emas”ligini bildirdi.
Shuningdek, korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olingan Ekrem Imomo‘g‘li vaqtinchalik chora sifatida o‘z lavozimidan chetlatildi.
Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi
19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.
Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.
Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.
Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.
LiveBarchasi