Hibsdagi Abduqodir Mo‘minovning sudi qachon o‘tishi ma’lum bo‘ldi
3-sahifa
−
19 iyul 2023
10622Joriy yilning fevralida hibsga olingan bloger Abduqodir Mo‘minovga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida joriy yilning 25 iyul kuni soat 15:00 da ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Keltirilishicha, Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining raisi S. Sodiqov raisligida ko‘rib chiqiladi.
Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 mln 421 ming 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga fuqaro E.Z. ariza bilan murojaat qilib, blogerlik bilan shug‘ullanuvchi Abduqodir Mo‘minov ismli shaxsning harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Buning ortidan Mo‘minovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 165-moddasi (Tovlamachilik) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlangandi. Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda bloger Abduqodir Mo‘minovning tergov vaqtida qiynab o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgan. Biroq Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZʼga Mo‘minovning tergov paytida vafot etgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgan edi.
Kecha, 18 iyul kuni Oliy sud tomonidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudida “Kompromat ishi” bo‘yicha sud majlisi yopiq bo‘lishi, unda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmasligi tasdiqlanib, jinoyat ishi sudda yopiq ko‘rilayotganiga sudlanuvchilar kiritgan iltimos sabab qilib ko‘rsatilgandi.
LiveBarchasi