Saudiyada hibsga olingan ayollar O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
23 mart
9048Joriy yilning 12-14 mart kunlari 19 nafar O‘zbekiston fuqarolari, jumladan Saudiya Arabistoni huquq-tartibot idoralari tomonidan ilgari hibsga olingan ayollar O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Saudiya Arabistonining vakolatli organlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida barcha hibsga olinganlar o‘z oilasi bag‘riga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘zbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga turistik vizalar bilan kelgan, biroq zarur ruxsatnomalarni olmasdan ishga joylashish maqsadida mamlakatda qolgan. Hibsga olinganlar orasida 20 yoshga to‘lmaganlar ham bor. Ulardan ba’zilari qarindoshlariga xabar bermasdan sayohatga chiqqani oilalarda tashvish va faol qidiruvga sabab bo‘lgan.
“Xorijga chiqishni rejalashtirayotgan barcha fuqarolarimizga qabul qiluvchi davlat qonunchiligini oldindan o‘rganishni, mahalliy an’ana va me’yorlarni hurmat qilishni, shuningdek, qonuniy bo‘lish va ishga joylashish uchun barcha zarur hujjatlarni tayyorlashni qat’iy so‘raymiz. Bundan tashqari, turli vaziyatlarda muloqot qilish uchun mezbon davlat tilining asoslarini o‘rganishni tavsiya qilamiz. Saudiya Arabistonida qiyin vaziyatlarga duch kelsangiz, Ar-Riyoz shahridagi elchixona yoki Jiddadagi Bosh konsulxonaga murojaat qilishingiz mumkin”, deyilgan O‘zbekiston elchixonasi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatarning Doha shahrida qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonlik fuqaro mamlakatga qaytarilgandi.