Hech qanaqa yer almashish bo‘lmaydi – Zelenskiy “g‘alaba rejasi” haqida
Olam
−
06 Oktabr
16315Ukrainada tinchlikka faqat xalqaro huquq asosida va suverenitet yoki hududda hech qanday savdolarga yo‘l qo‘ymasdan erishiladi. Bu haqda kecha, 5 oktyabr kuni mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy xalqiga yo‘llagan videomurojaatida ma’lum qildi.
“G‘alaba rejasi”da ko‘rsatilgan hamma narsa bizning ittifoqchilarimiz uchun ham qat’iydir. Maqsadimiz ham shu – Ukrainada ishonchli tinchlik, uzoq muddatli xavfsizlikni ta’minlashdir. Bu faqat xalqaro huquq asosida va suverenitet yoki hududlarda savdoga izin berilmasdan amalga oshiriladi. Bu masala aynan tinchlik formulasida ham qayd etilgan”, degan u.
Zelenskiy Ukrainaga haqiqiy, adolatli tinchlik, urushdan kafolatlangan himoya kerakligini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu faqat kuchli pozitsiyalarda va Ukraina xalqi hamda hamkorlari chinakam birlashgandagina ro‘yobga chiqishi mumkin.
“Biz aynan shu maqsadda ishlayapmiz”, dedi Prezident.
Shu bilan birga, u keyingi hafta bo‘lib o‘tadigan Ramshteyn formatidagi uchrashuv Ukraina uchun tarixiy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Financial Times” gazetasi G‘arb diplomatlari va Ukrainadagi rasmiylar Rossiyaning Ukrainadagi harbiy agressiyasini to‘xtatish uchun Ukraina hududlari ustidan nazoratni saqlab qolish sxemasi bo‘lishi haqida bir fikrga kelayotgani haqida yozgandi. Nashrga ko‘ra, hududlarning bir qismidan voz kechish Ukraina hukumati va ularning g‘arbiy ittifoqchilari Rossiya Federatsiyasining 2014 yildan beri egallab olgan yerlari ustidan suverenitetini tan olishini anglatmaydi.
Nashrning avvalroq e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Jo Bayden Oq uyni tark etishdan oldin Yevropaga so‘nggi safari chog‘ida Ukrainaning NATOga kirishi bo‘yicha muhim qaror qabul qilishi mumkin. Gap 12 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Ramshteyn formatida Ukraina bo‘yicha aloqa guruhining navbatdagi yig‘ilishi haqida ketmoqda.
NATOning sobiq Bosh kotibi Yens Stoltenberg “Financial Times”ga bergan intervyusida Rossiya Federatsiyasi tomonidan boshlangan urush paytida Ukrainaning NATOga kirishi Shimoliy Atlantika alyansini to‘g‘ridan to‘g‘ri urush ishtirokchisiga aylantirmasligi, chunki bu holda xavfsizlik kafolatlari Rossiya Federatsiyasi tomonidan bosib olingan hududlarga taalluqli bo‘lmasligi mumkinligini aytgandi.
LiveBarchasi