Hal qiluvchi hujum: “Tolibon” bo‘ysunmas Panjsherga so‘nggi zarbani berishga tayyorlanmoqda

Olam

image

“Tolibon” harakati bugun, 2 sentyabr kuni tunda yoki ertaga Panjsher viloyatiga yakuniy zarba berishga tayyorlanyapti. Bu haqda RIA Novosti Afg‘onistonning “Tolo News” telekanaliga tayanib, xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, toliblar butun Afg‘onistondagi eng sara jangarilari va yirik miqdorda harbiy texnikalar bilan hujumga o‘tishni rejalashtirmoqda. Shu tariqa harakat Panjsherdagi qarshilik harakatini uzil kesil tor-mor etmoqchi.

Avvalroq, “Tolibon” harakati qarshilik kuchlari yetakchilari bilan olib borgan muzokaralar samarasiz yakunlangach, Panjsher viloyatiga keng ko‘lamli hujum boshlagani haqida xabar berilgandi. Toliblar hujum natijasida bir necha o‘rinda mudofaa chizig‘ini yorib o‘tganini ma’lum qilgan bo‘lsa, qarshilik kuchlari bu iddaolarni rad etdi. Shu o‘rinda ba’zi manbalarda o‘nlab, boshqalarida esa 300 dan ortiq toliblar yo‘q qilingani aytildi.

Afg‘oniston Islom Respublikasining qulashi

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Qayd etish kerakki, hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon

Baholaganlar

350

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing