Zaxarova joy tanlagan Kiyevni tanqid qildi 

Olam

image

Avvalroq, Ukraina tomoni Rossiya Federatsiyasi bilan muzokaralar olib borilishini e’lon qilib, ular Belarusning Belovej o‘rmonida emas, balki boshqa joyda bo‘lib o‘tishini aytgandi.  

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Ukrainaning Rossiya Federatsiyasi bilan Belovejdagi muzokaralariga qarshi chiqqani haqidagi ma’lumotni izohlab, odamlar o‘layotganda, “Kiyev rejimi” vakillari esa joy tanlayotganini tanqid qildi. 

“Odamlar o‘lmoqda, “Kiyev rejimi” vakillari esa kameralar oldida o‘zini ko‘rsatish uchun qulayroq bo‘lgan joyni tanlamoqda”, deb yozgan u Telegram’dagi kanalida.

Ajabo, Zaxarova xonim odamlar Rossiya qo‘shinlarining tinimsiz raketa zarbalaridan o‘layotganini ham bilarmikin? U tanganing ikkinchi tomoniga ham qarab qo‘ysa, yomon bo‘lmasdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 fevral kuni Gomel viloyatida birinchi Rossiya-Ukraina muzokaralari bo‘lib o‘tdi, uchrashuv besh soat davom etdi. Rossiya delegatsiyasiga Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qildi. U Rossiya delegatsiyasi kelishuvlarga erishish uchun qancha vaqt kerak bo‘lsa, Ukraina tomoni bilan shuncha muzokaralar olib borishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

38

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing