O‘zbekistonda qancha ona farzandlariga aliment to‘lab kelayotgani aytildi
Jamiyat
−
19 iyul 2025 5905 2 daqiqa
O‘zbekistonda 3500 nafar onadan aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari qayd etilgan. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilda aliment va moddiy ta’minot undiruvlari bo‘yicha jami 240 mingta ijro hujjati mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 348 mingtani tashkil etib, keyingi 7 yil davomida ish yurituvdagi aliment bo‘yicha hujjatlar 45 foizga o‘sganini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda byuro organlarining ish yurituvida 348 mingdan ortiq aliment va moddiy ta’minot undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari mavjud bo‘lib, har bir davlat ijrochisiga oyiga o‘rtacha 147 tadan shu toifadagi ijro hujjatlari to‘g‘ri kelmoqda. Shundan 3500 nafar onadan aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjatlari qayd etilgan.
MIBga ko‘ra, ayollar tomonidan aliment to‘lanishi holatlari bo‘yicha eng ko‘p ko‘rsatkich Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi. Undan keyingi o‘rinlardan Farg‘ona, Surxondaryo va Andijon viloyatlari joy olgan.
“Onalar tomonidan aliment to‘lash holatlari kam uchrasa-da, oxirgi yillarda aliment to‘lovchilar soni ko‘payishi bilan birga bunday holatlar soni ham ortib bormoqda. Byuro bola huquqlarini ta’minlash maqsadida har ikki tomonning teng javobgarligini ta’minlashga harakat qilmoqda”, deydi Toshpo‘latov.
Ma’lumot uchun, odatda aliment to‘lash majburiyati erkaklar zimmasida bo‘ladi. Biroq sud qarorlari asosida bolalarning vasiyligi otalariga berilganda, ba’zi holatlarda ona aliment to‘lovchisi sifatida qayd etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada aliment to‘lashdan qochib, parda ortiga yashiringan ota qamalgandi. O‘tgan yili Qashqadaryoda aliment to‘lamasdan qochib yurgan erkak uyidagi ko‘rpalar tagidan, Namanganda va Surxondaryoda uy yerto‘lasidan, Xorazmda tovuq fermasidan, Farg‘ona shahrida tungi klubdan, Andijonda xolasining va Buxoroda buvisining uyidan topilgandi. Shuningdek, ilgariroq Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan ota ukasining nikoh to‘yida ushlangandi. Andijon viloyatida esa aliment to‘lashdan qochib yurgan ota o‘z uyining qurilishi tugallanmagan hududida shifer ortidan topilgan.
Live
Barchasi