Ukrainaga AQSHdek yordam berish payti keldi – Isroil vaziri
Olam
−
17 Oktabr 2022 11939 3 daqiqa
Isroilning Diaspora ishlari vaziri Naxman Shay o‘z mamlakatini Ukrainaga harbiy yordam berishga chaqirdi. U fikrlarini Twitter’da yozib qoldirdi.
“Bugun ertalab Eron Rossiyaga ballistik raketalarni berayotgani ma’lum bo‘ldi. Isroil bu qonli mojaroda qanday pozitsiyani egallashi kerakligiga endi hech qanday shubha yo‘q. Ukraina AQSH va NATO davlatlari tomonidan ko‘rsatilayotganidek, (Isroildan ham – tahr.) harbiy yordam olish vaqti keldi”, deydi u.
Eronning Ukrainadagi urushla Rossiyaga yordami
16 oktyabr kuni “The Washington Post” gazetasi AQSH va ittifoqchi davlatlar xavfsizlik rasmiylariga tayanib, Eron Rossiyaga Ukrainaga qarshi urush uchun qurol yetkazib berish majburiyatini kuchaytirayotgani va nafaqat kamikadze-dronlarni, balki “yer-yer” tipidagi raketalarni ham berishga tayyorligini xabar qildi.
Rossiya so‘nggi haftalarda Ukraina shaharlariga zarba berishga Eronning "Shahed" kamikadze-dronlaridan faol foydalanmoqda. Ammo Eron Ukrainadagi urushda foydalanish uchun Rossiyaga qurol yetkazib berayotganini rasman rad etib kelyapti. Kreml ham bu haqidagi xabarlarni rad etdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi