Samarqandda alimentdan qarzdor ota shkaf ichidan topildi
3-sahifa
−
02 Oktabr 4711 2 daqiqa
Samarqand viloyatining Urgut tumanida aliment to‘lashdan qochib yurgan ota shkaf ichidan topildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosining Urgut tumani bo‘limida yuritilgan ijro ishi yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining qaroriga ko‘ra, qarzdor F.N.dan undiruvchi L.R. foydasiga farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjati tushgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdor ota uzoq vaqtdan beri aliment to‘lovlarini amalga oshirmagani sababli qarzi 60 million so‘mga yetgan. Bundan tashqari, u noma’lum joyda yashirinib yurgan. Shu munosabat bilan boshqarma qidiruv sho‘’basi tomonidan unga nisbatan qidiruv choralari ko‘rilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qidiruvdagi shaxs o‘z yashash xonadonidagi shkaf ichida ekani aniqlangan. Shundan so‘ng, fuqaro keyingi ijro harakatlarini amalga oshirish uchun davlat ijrochisiga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada aliment to‘lashdan qochib, parda ortiga yashiringan ota qamalgandi. O‘tgan yili Qashqadaryoda aliment to‘lamasdan qochib yurgan erkak uyidagi ko‘rpalar tagidan, Namanganda va Surxondaryoda uy yerto‘lasidan, Xorazmda tovuq fermasidan, Farg‘ona shahrida tungi klubdan, Andijonda xolasining va Buxoroda buvisining uyidan topilgandi. Shuningdek, ilgariroq Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan ota ukasining nikoh to‘yida ushlangandi. Andijon viloyatida esa aliment to‘lashdan qochib yurgan ota o‘z uyining qurilishi tugallanmagan hududida shifer ortidan topilgan.
Live
Barchasi