Peskov Ukrainadagi urush ertagayoq tugashi mumkinligini aytdi

Olam

image

Agar Kiyevning siyosiy irodasi mavjud bo‘lsa, Ukrainadagi mojaro istalgan vaqtda tugashi mumkin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy buni biladi. Bu haqda Rossiya Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 8 dekabr kuni jurnalistlar bilan muloqotda aytib o‘tdi. 

“Bunday holatda, hammasi tugagach, yuzing ko‘karguncha gaplashishing mumkin”, deydi Peskov Zelenskiyning mojaro 2023 yilda yakunlanishi mumkinligi haqidagi bayonotiga.  

Uning qayd etishicha, Prezident Zelenskiy bularning barchasi qachon tugashini biladi, agar [Kiyev] xohlasa, ertaga hammasi tugashi mumkin. 

Germaniya Vazirlar Mahkamasi rasmiy vakili Shteffen Xebestreytning Ukraina mudofaa uchun o‘z hududi bilan cheklanishga majbur emasligi haqidagi so‘zlarini sharhlar ekan, Peskov bunday bayonotlar Kiyevni yangi hujumlarga “albatta undashini” ta’kidladi.  

“Albatta, bunday bayonotlar, aslida, butun mashaqqatli davrni uzaytiradi va bu muammoni hal qilishga hissa qo‘shmaydi”, deya qo‘shimcha qildi u.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi, Lugansk xalq respublikasi, Xerson va Zaporoje viloyatlarining Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi bo‘yicha noqonuniy referendumlar 2022 yil 23-27 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Moskvaga ko‘ra, saylov byulletenlarini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, DXRda Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish uchun 99,23%, LXRda – 98,42%, Xerson viloyatida – 87,05%, Zaporoje viloyatida – 93,11% ovoz berilgan. 30 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘tkazilgan psevdoreferendumlar yakunlari bo‘yicha nutq so‘zladi, shundan so‘ng hududlar rahbarlari bilan Rossiya tarkibiga kirish to‘g‘risida bitimlar imzolandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

104

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing