MAKning po‘stagini qoqqan Umarova, farzandini hojatxonaga tashlagan ona izohi, AQSHdagi dahshatli suv toshqini va boshqa muhim xabarlar
Jamiyat
−
09 iyul 2019 5233 6 daqiqa
9 iyul kuni ham nihoyasiga yetib qoldi. Quyida bugunning eng muhim voqealariga qisqacha to‘xtalamiz.
Jamiyat

Qorao‘zakda tug‘ilgan uch egizak o‘g‘ilga ism tanlashda “an’ana”dan voz kechildi. Endi Sobalt nima bo‘ladi?
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida 7 iyul kuni uchta egizak farzand dunyoga keldi. Ma’lum qilinishicha, hozirda uch egizak va ularning onasining holati juda yaxshi.
Xabaringiz bor, keyingi paytlarda uchta tug‘ilgan egizaklarga Shavkat, Miromon, Mirziyo ismlarini qo‘yish va ularning ota-onasiga Sobalt avtomobilining berilishi urfga aylanib borayotgan edi. Ammo, Qorao‘zakda tug‘ilgan egizaklarning ota-onasi Ruslan Bazarbayev va Gulsara Yesenbayevalar bolalarga yaxshi niyatlar bilan Habibulla, Hamidulla va Xalilulla deb ism qo‘ygan.

Farzandlarimiz dengizni ko‘rmay o‘tib ketadi – Aziza Umarova MAKning po‘stagini qoqdi
Shu kunlarda “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga nisbatan tanqidlar yana avjiga chiqqan. Smartgov Consulting byurosi ijrochi direktori, jamoatchilikka ijtimoiy tarmoqlardagi postlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan tadbirkor Aziza Umarova ham Facebook’dagi sahifasida “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning po‘stagini qoqqan. “Monopoliya: Va yana Havo yo‘llari” nomli post qoldirgan Umarova.

Toshkentga keltiriladigan yangi metro vagonlari namoyish etildi
Bundan bir necha oy avval, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va Rossiyaning “Metrovagonmash” AJ o‘rtasida Toshkent shahridagi yer usti metropoliteni uchun harakatlanuvchi har biri 4 vagondan iborat 5 ta metro poyezdini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolangani haqida xabar bergan edik.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Rossiyadan yetkazib berilayotgan yangi vagonlarning suratini taqdim etdi.

Oliy ma’lumotli fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tash muddati uzaytirilmoqda
Oliy ma’lumotli fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tash muddati uzaytiriladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unja bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilgan.
Jumladan, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda muhokama qilingan.

Kindigini qo‘lim bilan uzdim, keyin tashlab yubordim – Farzandini hojatxonaga tashlagan ona (video)
Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida ayol o‘z farzandini bozor hojatxonasida dunyoga keltirib, so‘ng uni o‘sha hojatxonaga tashlab ketgani haqida xabar bergan edik.
1999 yilda tug‘ilgan fuqaro F.T. asli Surxondaryoning boshqa tumanida istiqomat qiladi. U Denovdagi “Xabibobod” bozoriga kuyoviga kiyim olgani borgani, o‘sha vaqt birdan og‘riq bo‘lib, to‘lg‘oq tutganini aytdi.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning imijidan xavotirda! U Bosh vazir o‘rinbosari bilan uchrashdi
Xabaringiz bor, bir necha hafta avval Samarqand YUNESKOning madaniy meroslar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
YUNESKOning Butunjahon merosi qo‘mitasining (BMQ) Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida o‘tgan 43-sessiyasida O‘zbekiston tomonining “Buxoroning tarixiy markazi” va “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” ob’ektlarining saqlanganligi to‘g‘risida taqdim qilgan hisobotlari ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng, Samarqand shahri Xavf ostida bo‘lgan butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilmadi. Shunday bo‘lsada, O‘zbekistondagi tarixiy shaharlarning dunyo madaniy merosi ro‘yxatidan chiqarilishi bilan bog‘liq xabarlar mamlakatning turizm salohiyati va jahonda tutgan imijiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

Diqqat, abituriyentlar! 5 ta OTMga 24 soat davomida hujjat topshirish mumkin bo‘ldi
Abituriyentlarga Davlat xizmatlari markazlari orqali oliy ta’lim muassasalarida 24 soat davomida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratildi. Endilikda, DXM orqali hujjat topshiriladigan OTMlarga hujjatlarni kunning 24 soati davomida, o‘zingizga qulay bo‘lgan vaqtda topshirish imkoniga egasiz! Vaqtni besamar sarflamang!
Olam

Gulnora Karimovaning Fransiyadagi aktivlari O‘zbekistonga qaytariladi
Fransiya O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli aktivlarni O‘zbekistonga qaytaradi.
Bugun, 9 iyul kuni Gulnora Karimovaning Fransiyadagi mulklarini musodara qilish bo‘yicha qaror kuchga kirgan. Karimovaning Fransiya bo‘ylab uchta mulki bo‘lgan. Bular, Parijdagi kvartira, Sen-Tropedagi villa va Parij atrofidagi qasr. Ularni sotishdan tushgan pullar O‘zbekiston byudjetiga qaytariladi.

Og‘ir iqtisodiy tanglik: siyosiy o‘yinlar jabrini xalq chekmoqda
Turkiyada iqtisod hamon og‘ir ahvolda qolmoqda. Mamlakatda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning partiyasiga bo‘lgan ishonch tobora pasaygan. Buni Istanbul rahbarligiga o‘tkazilgan qayta saylovda ham muxolif partiya nomzodi Ekrem Imomo‘g‘luning g‘alabi qilganida ham ko‘rish mumkin. Mamlakatning iqtisodiy jihatdan eng faol va eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan kenti muxolif partiya qo‘liga o‘tdi.
Erdo‘g‘an boshchiligidagi Turkiya mana ikki yildan oshdiki, AQSH bilan tortishib kelmoqda. AQSHga nisbatan keskin ayblovlar, ochiqdan-ochiq haqoratlar mamlakatda dollarning oshib ketishi va turk lirasining qadrsizlanishiga sabab bo‘ldi. Turkiyada banklar kredit berishdan qo‘rqib qoldi, iqtisodiy tanglik yuzaga keldi, inflyatsiya miqdori yuqorilab bormoqda.

AQSHda suv toshqinlari kuzatilyapti. Tramp qarorgohi ham toshqindan bebahra qolmadi (foto)
AQSH poytaxti Vashington, unga yondosh Merilend va Virjinya shtatlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida suv toshqinlari kuzatilyapti. Bu haqda ABC nashri xabarбyerди.
Ma’lum bo‘lishicha, jala sabab AQSH Prezidenti qarorgohi Oq uy yerto‘lasiga ham suv toshgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Oq uydan olingan suratlar ham tarqaldi. Bundan taqshari AQSH Milliy arxivi binosi ham yopilgan.

Odam savdosida ayblangan o‘zbekistonlik Rossiyada qo‘lga olindi
Rossiyaning Novosibirsk shahridagi Tolmachyov nomidagi aeroportda Yoqutistonga uchayotgan reysga ro‘yxatdan o‘tish vaqtida trapsport politsiyasi 32 yoshli O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi.
Rossiya IIV Sibir federal okrugi bo‘yicha Transport boshqarmasining xabar berishicha, erkak O‘zbekistonda xalqaro qidiruvga berilgan. Tergovdan yashirinish maqsadida Rossiyaga qochib ketgan.
Sport

Xitoyliklar Beylga 70 mln yevro maosh taklif qilmoqda
Madridning “Real” klubi va Uels terma jamoasi hujumchisi Garet Beylga Xitoy klublaridan qiziqish mavjudligi ma’lum qilindi.
Xorij OAVning xabar berishicha, xitoyliklar futbolchiga haftasiga 1,3 mln, yiliga salkam 70 mln yevro maosh taklif qilishgan. Agar futbolchi bunga rozilik bersa, ayni paytda ishlab topayotgan pulidan 2 barobar ko‘p mablag‘ga ega bo‘ladi.

Davron Fayziyev O‘FA matbuot va media departamentiga rahbar bo‘ldi
Bugun, 9 iyul kuni O‘FA matbuot va media departamentiga yangi direktor tayinlandi. Endilikda taniqli sharxlovchi, o‘zbek jurnalistikasida o‘z o‘rniga ega, xususan, sport jurnalistikasida nom qozongan Davron Fayziyev O‘FA matbuot va media departamentiga rahbarlik qiladi.
Ma’lum qilinishicha, bu tayinlov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining OAV bilan ishini yanada samarali yo‘lga qo‘yish, matbuot va media departamenti ish faoliyatini yaxshilash, terma jamoalar va o‘zbek futboliga oid yangilik va xabarlarning tezkorlik bilan xolis tarzda yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan.

“Olimpiya kuni” tadbirlarida 2,5 mln o‘zbekistonlik ishtirok etdi
Xabaringiz bor, joriy yilning 6 iyul kuni O‘zbekistonda “Olimpiya kuni” katta bayram sifatida keng nishonlandi. E’tiborlisi, mamlakat tarixida hali bunday katta masshtabdagi sport tadbiri o‘tkazilmagan.
Tadbir 6 iyul sanasiga belgilangan bo‘lsa-da, mazkur bayramni nishonlash respublikadagi viloyatlarda bir necha kun muqaddam boshlanib ketgan edi. Jumladan, dastlab Buxoro viloyati Ark qo‘rg‘onida “Olimpiya kuni” doirasida 10 ming kishi ishtirokida ommaviy sport tadbiri o‘tkazildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr