Alimentdan qochgan ota bu safar quduq ichidan chiqdi
3-sahifa
−
24 may 5128 2 daqiqa
Toshkent viloyatida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan ota quduq ichidan topildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi fuqaro 1 nafar farzandi uchun aliment to‘lashi kerak bo‘lgan, lekin ota ushbu aliment pullarini to‘lamasdan bo‘yin tovlab kelgan.
Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) 1-qismiga asosan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilangan. Maxsus xodimlar tomonidan qarzdorni qidirib topish bo‘yicha olib borilgan ishlar davomida u o‘z yashab turgan xonadonida joylashgan quduqqa yashirinib olgani aniqlangan.
Ayni damda qarzdordan aliment pullarini undirish, qarzdorlik qoplanmagan taqdirda unga nisbatan qonun doirasida javobgarlikka tortish masalasi ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada aliment to‘lashdan qochib, parda ortiga yashiringan ota qamalgandi. O‘tgan yili Qashqadaryoda aliment to‘lamasdan qochib yurgan erkak uyidagi ko‘rpalar tagidan, Namanganda va Surxondaryoda uy yerto‘lasidan, Xorazmda tovuq fermasidan, Farg‘ona shahrida tungi klubdan, Andijonda xolasining va Buxoroda buvisining uyidan topilgandi. Shuningdek, ilgariroq Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan ota ukasining nikoh to‘yida ushlangandi. Andijon viloyatida esa aliment to‘lashdan qochib yurgan ota o‘z uyining qurilishi tugallanmagan hududida shifer ortidan topilgan. Qolaversa, Toshkent shahar Yunusobod tumanida uch nafar farzandini moddiy ta’minlashdan qochib yurgan ota oxir-oqibat qidiruv orqali devor ortidan topilgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr