Qochishga uringan Cobalt haydovchisi 4 kg gashish bilan ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent viloyatida ichki ishlar xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmay, qochishga uringan Cobalt haydovchisining avtomashinasidan 4 kilogrammdan ortiq gashish aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari xizmat olib borish jarayonida oq rangli Cobalt avtomashinasini shubhali deb topib, unga to‘xtash ishorasini bergan.

Biroq haydovchi xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmay, harakatini davom ettirgan va qochishga uringan. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida avtomashina to‘xtatilib, haydovchining shaxsi aniqlangan. U 2000 yilda Andijon viloyati Marhamat tumanida tug‘ilgan fuqaro ekani ma’lum bo‘lgan.

Haydovchidan nima sababdan ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagani so‘ralganida, u turli sabablarni keltirgan.

Shundan so‘ng xolislar ishtirokida avtomashina belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv vaqtida uning yukxonasidan polietilen paketlarga o‘ralgan, dumaloq shaklga keltirilgan, to‘q jigarrang va o‘tkir hidli moddalar topilgan. Ularning umumiy og‘irligi 4 kilogrammdan ortiq bo‘lgan.

Mazkur moddalar nima ekanligi so‘ralganda, fuqaro ularni gashish giyohvandlik moddasi ekanini ma’lum qilgan.

Tezkor tadbir davomida fuqaroning uyali telefoni ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Undagi WhatsApp messenjerida noma’lum shaxs tomonidan yuborilgan joylashuv lokatsiyasi aniqlangan.

Ushbu ma’lumot asosida Bo‘stonliq tumani “Qapal” mahallasida tekshiruv o‘tkazilgan. Natijada polietilen paketga dumaloq shaklda o‘ralgan, to‘q jigarrang, o‘tkir hidli 1 kilogramm 40 gramm gashish aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning 3 ta hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda jami 12,7 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilingani haqida xabar berilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing