Hokim bilan janjallashgan maktab direktori necha kun qamoqda o‘tirgani ma’lum bo‘ldi (video)
Jamiyat
−
04 avgust 2023
62986Kecha, 3 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning direktori viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan janjallashgani aks etgan video tarqalgandi. Janjaldan so‘ng o‘qituvchi ayolni organ xodimlari hibsga olib, uning maktabga direktorlik qilgan davrini qayta tekshiruvdan o‘tkazish boshlangan.
Ushbu holatga Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham munosabat bildirib, o‘qituvchi T.U. ma’muriy qamoq jazosidan ozod qilinganini va holat shaxsan uning nazorati ostida ekanini ma’lum qilgan.
Vazirlik matbuot kotibiga ko‘ra, 3 avgust kuni vazir o‘qituvchi bilan telefon orqali gaplashib, undan hol-ahvol so‘ragan.
Videodan ko‘rish mumkinki, o‘qituvchi ayol 7 kun davomida qamoqda bo‘lganini va o‘ziga kelishi qiyin bo‘layotganini bildirgan.
“Umuman xavotir olmang. Hammasi nazorat ostida. Muhimi sog‘-salomat bo‘lishingiz”, deydi vazir Umarova.
Shuningdek, vazir hokimlarni pedagoglar faoliyatiga aralashmay, maktablardagi shart-sharoitlarini yaxshilashga e’tibor qaratishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha tarqalgan videoda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov direktorni o‘rnidan turg‘azib, uni “maktabdagi muhitni buzganlik”da, “viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganlik”da ayblagandi. Bunga javoban, direktor T.U. o‘ziga nisbatan aytilgan ayblovlarni rad etib, “miltiq bo‘lsa, otib tashlang”, deya e’tiroz bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mojaroning asl ildizi 2021 yilgi voqealarga borib taqaladi. O‘shanda Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning bir guruh o‘qituvchilari maktab direktori T.U. o‘qituvchilarga zug‘um o‘tkazib, ularning dars soatlarini qisqartirib yuborgani hamda malakali kadrlarni ishdan bo‘shatganini aytib, respublika rahbariyatiga murojaatlar yo‘llagan. O‘qituvchilar mahalliy internet nashrlaridan birini maktabga taklif qilib, undan holatni o‘rganishni so‘ragan. T.U maktabga borgan jurnalistlarni haydab chiqarib, ularning kamerasini sindirib tashlagan.
Ushbu holat jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng T.U. ga nisbatan o‘z lavozim majburiyatlariga sovuqqonlik bilan yondashib, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomini va odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun hayfsan chorasi qo‘llangan. 2021 yilning 10 dekabrida esa u ishdan bo‘shatilgan. Biroq, 2022 yil 10 fevral kuni uning ishdan olinishi noqonuniy bo‘lgan, degan xulosaga kelinib, maktab direktorligiga qayta tayinlangan. Tarqalgan videodagi holatda hokim Ulug‘bek Qosimov “butun dunyoga sharmanda qildingiz” deganda aynan shu voqealarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi