Ziyoratchilarni olib ketayotgan avtobus ag‘darilishi oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

Vengriya sharqida 57 nafar ziyoratchini olib ketayotgan Polsha avtobusi yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilishi oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi hamda kamida 10 kishi og‘ir jarohatlandi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Peter Madyar ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, avtobus kecha, 16 avgust kuni taxminan soat 01:00 da yo‘l chetidagi ariqqa tushib, ag‘darilgan. Avtobusda 2 nafar haydovchi ham bo‘lgan va u Bosniya janubi-sharqidagi Medjugoredagi Bibi Maryam ziyoratgohidan Polshaga qaytayotgan bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yaqin atrofdagi to‘rt shahardagi shifoxonalarga olib ketilgan. Polsha Prezidenti Karol Navrotskiy halokat munosabati bilan ta’ziya bildirgan.

Halokat Mezyokerestesh shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi uxlab qolgan bo‘lishi mumkin. Shu sababli u hibsga olingan.

Hodisadan omon qolgan Helena Tluchek avtobus ichini “tasavvur qilib bo‘lmaydigan” holatda ko‘rganini aytgan.

“Barcha o‘rindiqlar uzilib ketgan. Odamlar o‘rindiqlar ostida qolgan, hamma yordam so‘rab baqirardi”, degan u.

Tluchek o‘zi ham jarohatlanganiga qaramay, vayrona ostida qolgan 2 kishini chiqargan va singlisini ham avtobusdan olib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ugandaning sharqiy qismidagi sharsharalarga uyushtirilgan sayohatdan qaytayotgan maktab avtobusi halokatga uchrashi oqibatida kamida 20 nafar o‘quvchi halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing