“Zirapcha”dagi Xumoraga hukm o‘qildi. Sud uning pushaymonligini hisobga oldi

Jamiyat

image

Joriy yilning 23 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati Xovos tuman sudida sudya Baxtiyor Mamadaminov raisligida ochiq sud majlisi o‘tkazildi. Unda Xumora Iminjanovaga nisbatan sud ishi ko‘rib chiqildi.

Xumora Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi (o‘g‘irlik) qilganlikda ayblangan. Ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida “munosib xulq atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” qo‘llanilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u 2019 yil 23 aprel kuni ochiq maydonga bog‘langan holda turgan, amakisi A.X.ga tegishli bo‘lgan, narxi 5 million so‘mlik bir bosh chorva qora molni yashirin ravishda talon-toroj qilgan. Shundan so‘ng, hodisa joyidan yashirinib, ushbu chorva molni shu kuni sotib yuborib, pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan. 

Ayblanuvchi shu jinoyatni o‘zi muhtojlikdan sodir qilganligi, IIB xodimlari sotib yuborgan chorva molni topib, amakisi A.X.ga qaytarib berganini aytgan. Pulni ham qaytarishini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini va o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olgan haqida ma’lum qilgan. 

Sud majlisida guvohlar so‘roq qilingan va ular bo‘lgan voqealar haqida gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelishini aytib o‘tishgan. Sud, dastlabki tergov jarayonida 5.000.000 so‘mlik bir bosh chorva mol qonuniy egasi A.X.ga qaytarilgani inobatga olinishi maqsadga muvofiq deb hisoblagan. 

Sud Xumora Iminjanovaga nisbatan shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish va bir yil sinov muddati belgiladi. Sinov muddati davomida X.Iminjanovaning zimmasiga quyidagi majburiyatlar:

•  yashash va ish joyi o‘zgarsa, bu haqida yashash joyidagi IIBga xabar berish;
•  har oyda ikki marotaba yashash joyidagi IIBdan ro‘yxatdan o‘tish;
•  2020 yil 1 aprelga qadar fuqaroviy da’vogar M.Alimovga 4.000.000 so‘m zararni qoplash chorasi yuklatildi.

Agar sudlanuvchi sinov muddati davomida majburiyatlarni bajarmasa, Jinoyat kodeksining 72-moddasi 6-qismiga asosan jazoning shartliligi bekor qilinadi. 

Ma’lumot o‘rnida, shartli hukm qilish Jinoyat kodeksining 72-moddasi 1-qismida belgilangan sinov muddati davomida jazoning shartliligini bekor qilish asoslari kelib chiqmasa, tayinlangan jazoni ijro etmaslik to‘g‘risida qaror chiqaradi, deya keltirilgan. Sud ayblanuvchiga yengillik tarzida sinov muddati berilgani aybdorning pushaymonligi asosiy sabab qilib ko‘rsatilgan. Zero, Xumora Iminjanova “Zirapcha” teleloyihasida ham bu qilmishi uchun pushaymonligini bir necha bor takrorlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Sud Zirapcha

Baholaganlar

702

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing