Zilzilalar Turkiya iqtisodiyotiga qancha zarar yetkazgani ochiqlandi
Olam
−
13 fevral 2023 18419 1 daqiqa
Turkiyadagi zilzilalar oqibatida 84 milliard dollardan ortiq zarar yetkazildi. Bu haqda “Bloomberg” mamlakat tadbirkorlar konfederatsiyasi va respublikadagi ishbilarmon doiralar vakillarining hisob-kitoblariga tayanib xabar berdi.
Konfederatsiya hisob-kitoblariga ko‘ra, ikkita kuchli zilzila milliy iqtisodiyot uchun 84 milliard dollardan ortiq yoki yalpi ichki mahsulotning o‘n foiziga yaqin zarar keltirgan.
Ularning 70,8 milliard dollari turar-joy binolariga yetkazilgan zarardir.
Shuningdek, mamlakat byudjeti daromadlari 10,4 milliard dollarga qisqaradi, ishchi kuchining yo‘qotilishi esa 2,9 milliard dollarga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida (mahalliy vaqt bilan 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) magnitudasi yetti balldan ortiq bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Vayronkor zilzila qo‘shni davlatlar, jumladan, Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Kipr Respublikasi va Iroqda ham sezildi.
Shundan so‘ng, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan yetti kunlik motam e’lon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab yarimga tushirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila oqibatlarini bartaraf etishda faol ishtirok etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan dastlab 100 kishilik qidiruv-qutqaruv guruhi, joriy yilning 9 fevral kuni 71 kishilik ikkinchi guruh Turkiyaga yuborildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston joriy yining 6 fevral kuni kuchli zilziladan aziyat chekkan Turkiyaga insonparvarlik yordami jo‘natgan edi.
Live
Barchasi