Ukraina bombalayotgan Wildberries qancha zarar ko‘rgani aytildi
Olam
−
15:23 1715 3 daqiqa
Marketpleys omborlariga dronlar hujumidan Wildberries va platforma sotuvchilariga yetkazilgan umumiy zarar 600-800 milliard rublga baholanmoqda. Bunday bahoni “Forbes” bilan suhbatda Davlat dumasidagi uchrashuv ishtirokchilari keltirgan.
Nashr keltirgan “Data Insight” yetakchi tahlilchisi Sergey Semkoning hisob-kitoblariga ko‘ra, Wildberries omborlari va infratuzilmasini qayta tiklash 147,1-223,1 milliard rublga tushishi mumkin, shikastlangan ob’ektlarni to‘liq demontaj qilish, chiqindilarni olib chiqish va hududni rekultivatsiya qilishni hisobga olganda esa bu raqam 169,2-278,9 milliard rublgacha oshishi mumkin. Sotuvchilarning o‘zlari ko‘rgan yo‘qotishlarni Semko dastlabki tarzda 445-507,8 milliard rublga baholamoqda. Avvalroq, “Forbes” o‘z hisob-kitoblariga tayanib, omborlarga hujumlardan so‘ng Wildberries sotuvchilarining yo‘qotishlari 215-280 milliard rublni tashkil etishi mumkinligi haqida yozgan – bu baholash keyingi hujumlarning bir qismini, jumladan Vladimir viloyatidagi omborga berilgan zarbani hisobga olmagan edi. Avgust oyi boshiga kelib, Ukraina dronlari kompaniyaning eng yirik logistika xablarining qariyb 62 foizini – maydoni 15 ming m² dan ortiq bo‘lgan 26 ta ob’ektdan 16 tasini ishdan chiqarib bo‘lgan edi.
“Forbes”ning yozishicha, 30 iyul kuni Novak Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi va Federal soliq xizmatiga Markaziy bank hamda biznes hamjamiyati bilan birgalikda jabrlangan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini o‘n kun ichida ishlab chiqishni topshirgan. Belgilangan muddatga kelib hukumat hech narsa ma’lum qilmagan. Lekin, nashrga ma’lum bo‘lishicha, muammo Davlat dumasida muhokama qilingan – uchrashuvga yirik sotuvchilar va ularning uyushmalari, Wildberries va boshqa maydonchalar vakillari, shuningdek, sotuvchilar uchun soliq imtiyozlari tajribasiga ega bo‘lgan hududlar: Checheniston, Mordoviya, Qalmog‘iston, Udmurtiya va Buryatiyadan kelgan amaldorlar taklif etilgan. Uchrashuv tashkilotchisi – Dumaning Axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Andrey Svinsovning aytishicha, u sotuvchilarning kreditlari bo‘yicha foizlarni muzlatishni, ularni bankrot qilishga moratoriy joriy etishni va Wildberries omborlaridan tovarlarni bepul olib chiqishga ruxsat berishni taklif qilgan. Hozirda, uning so‘zlariga ko‘ra, dronlar hujumi paytida hududga kirishni cheklayotgan mintaqaviy hokimiyat organlari bunga xalaqit bermoqda.
Sotuvchilar yanada kengroq choralar ko‘rishni talab qilmoqda. Elektron maydonchalarda savdo qilish uchun tovar yetkazib beruvchilar assotsiatsiyasi rahbari Margarita Yevstigneyevaning ma’lum qilishicha, hujumlardan 400 mingdan ortiq sotuvchi jabr ko‘rgan, Wildberries esa jabrlanganlarga o‘rtacha 2–30 ming rubldan to‘lagan – bu ko‘rilgan zararning 20 foizidan ham kam. Assotsiatsiya marketpleyslarga tovarning mas’uliyatli saqlovchisi maqomini berishni taklif qilmoqda, buning oqibatida maydonchalar sotuvchilarning yo‘qotilgan mulkini qoplashga majbur bo‘ladi. Shuningdek, NDS va foyda solig‘ini to‘lashni 2026 yil oxirigacha kechiktirish hamda internet-savdo uchun imtiyozli soliq stavkalarini saqlab qolish taklifi yangragan. Wildberries matbuot xizmati “Forbes”ga yetkazilgan zararning yakuniy miqdorini baholashga hali erta ekanini ma’lum qilgan va to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlardan tashqari sotuvchilarga kreditlar bo‘yicha kechiktirishlar, saqlash uchun chegirmalar va bepul tranzit yetkazib berishlar taqdim etilganini tasdiqlagan.
“Forbes” yozishicha, 10 avgustgacha o‘z takliflarini tayyorlashga ulgurgan yagona idora Markaziy bank bo‘lgan – u kreditorlarga jabrlangan qarzdorlarga jarima va penya hisoblamaslikni, kreditlarni muddatidan oldin kaytarishni talab qilmaslikni va stavkalarni oshirmaslikni tavsiya qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Wildberries asoschisi va bosh direktori Tatyana Kim Ukraina dronlarining kompaniya logistika ob’ektlariga qilgan hujumlari oqibatida O‘zbekiston va boshqa bir qator mamlakatlar tadbirkorlari milliardlab zarar ko‘rganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi