Fransiyadagi tartibsizliklar 1,2 mlrd yevro zarar keltirgan bo‘lishi mumkin

Olam

−

image

Fransiyada ommaviy tartibsizliklar oqibatida sug‘urta kompaniyalarining zarari 1,2 milliard yevroga yetishi mumkin. Mamlakat bo‘ylab kamida 3 mingta korxona talon-toroj qilingan yoki shikastlandi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.

Tahlilchilarning baholashicha, hozirgi tartibsizliklar ko‘lami va shiddati, shuningdek, shikastlangan mulkni tiklash xarajatlarining inflyatsiya tufayli oshishi sug‘urta to‘lovlarining ko‘payishiga olib kelmoqda. Sug‘urta brokerlari ham zarar miqdori 1 milliard yevrodan oshishi mumkinligini aytmoqda.

“Morningstar DBRS” tahlilchisi Markos Alvares Fransiyadagi voqealarni tabiiy ofatlar oqibatlariga qiyoslagan. Uning fikricha, mamlakatda bundan buyon ham har yili yuz millionlab yevro zarar keltiradigan shunday tartibsizliklar kuzatilishi mumkin.

Qayd etilishicha, joriy yil oktyabr oyidagi tartibsizliklardan kutilayotgan zarar 2023 yildagi namoyishlar oqibatida yetkazilgan zarardan ham yuqori. O‘shanda sug‘urta kompaniyalarining yo‘qotishlari 798 million yevroni tashkil etgan.

Fransiya Savdo vaziri Serj Papenning dastlabki baholashiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab kamida 3 mingta korxona tartibsizliklardan zarar ko‘rgan. Shikastlangan yoki talon-toroj qilingan savdo nuqtalari orasida Louis Vuitton va Kenzo kabi qimmatbaho brendlarning do‘konlari ham bor.

Vaziyatdan xavotirga tushgan ayrim tadbirkorlar o‘z do‘konlarini mustaqil himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. “Europe 1” radiostansiyasi xabar berishicha, Bordo shahri va Jironda departamentidagi ayrim savdogarlar hujumlardan himoyalanish uchun vositalar tayyorlab qo‘ygan.

Xususan, kiyim-kechak do‘koni xodimasi qalampirli ballonchani yonida olib yurishini aytgan. Boshqa bir do‘kon egasi esa talonchilarga qarshi metall tayoqlardan foydalanishga tayyorligini bildirgan.

Biroq ayrim tadbirkorlar o‘zini qurol bilan himoya qilishdan bosh tortmoqda. Ular bunday harakatlar hayotiga xavf tug‘dirishi va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda

Shu bilan birga, Fransiya hukumati Yevropa Ittifoqining ommaviy tartibsizliklar vaqtida mulkka yetkazilgan zararni qoplash uchun majburiy sug‘urta tizimini joriy etishga roziligini olishga harakat qilmoqda. Taklif etilayotgan mexanizm Caisse Centrale de Réassurance qayta sug‘urtalash kompaniyasi orqali 4 milliard yevrogacha davlat kafolatini nazarda tutadi.

Yangi tizim sug‘urta kompaniyalarining badallari hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan. Bu esa qo‘shimcha xarajatlar mijozlar zimmasiga yuklanishiga olib kelishi mumkin. Hozircha mexanizm ishga tushmagan va u joriy tartibsizliklar oqibatida yetkazilgan zararni qoplashga tatbiq etilmaydi.

Axa sug‘urta kompaniyasi rahbari Tomas Buberl esa Fransiya hukumatini yuz bergan voqealardan xulosa chiqarishga chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, davlat ichki xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘z vazifasini bajarishi kerak.

Fransiyada ommaviy namoyishlar sentyabr oyi oxiridan beri davom etmoqda. Dastlab ko‘chalarga o‘quvchilar va davlat xizmatchilari chiqqan bo‘lsa, keyinchalik ularga talabalar, kasaba uyushmalari va “Sariq nimchalar” harakati tarafdorlari ham qo‘shilgan. Namoyishchilar yashash xarajatlari oshishiga qarshi chiqib, ish haqi va pensiyalarni ko‘tarishni talab qilmoqda.

19 oktyabr holatiga ko‘ra, namoyishlar davomida 2 331 kishi qo‘lga olingan, 500 nafardan ortiq politsiyachi, jandarm va o‘t o‘chiruvchi jarohatlangan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron zo‘ravonlikni qoralagan, biroq namoyishchilarning talablari ham eshitilishi kerakligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada yashash narxining oshishiga qarshi namoyishlar ommaviy tartibsizliklarga aylanib, mamlakat bo‘ylab 2 mingdan ortiq do‘kon talon-toroj qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing