Fransiyada namoyishchilar 2 mingdan ortiq do‘konni to‘nadi
Olam
−
11:29 588 3 daqiqa
Fransiyada yashash narxining oshishiga qarshi namoyishlar ommaviy tartibsizliklarga aylanib, mamlakat bo‘ylab 2 mingdan ortiq do‘kon talon-toroj qilindi. Yetkazilgan zarar yuzlab million yevro deb baholanmoqda. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 17 oktyabr kuni Fransiya bo‘ylab qariyb 500 ming kishi turmush xarajatlarining qimmatlashishiga qarshi ko‘chaga chiqqan. Biroq namoyishlar mamlakatda so‘nggi yillarda kuzatilgan eng yirik tartibsizliklardan biriga aylangan. Ayrim shaharlarda ma’muriy binolar va do‘konlarga hujum qilingan, ular talon-toroj qilinib, yong‘inlar sodir etilgan.
Parijda yuzlarini niqob bilan berkitgan, qora kiyimdagi yoshlar do‘konlarning metall to‘siqlarini buzib, ichkariga kirgan. Ular sigaretalar, ko‘zoynaklar, kiyim-kechak, zargarlik buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlarini olib ketgan. Ayrim do‘konlarda kassalar ham sindirilgan.
Tartibsizliklarda ishtirok etgan ayrim yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda talon-toroj qilingan buyumlar bilan maqtanib, politsiya bilan to‘qnashuvlar haqida videolar joylagan. Ulardan biri TikTok’dagi videosida sport kiyimlari do‘konidan Under Armour brendiga tegishli yangi kiyim olganini aytgan. U politsiya xodimlarini ham masxara qilib, “Biz hammasini vayron qildik“, deya maqtangan.
Boshqa bir yigit esa namoyishda yoqilg‘i narxlari oshgani sababli ishtirok etganini, sport do‘konidan kiyim-kechak va boshqa mahsulotlarni olib chiqqanini aytgan. Uning aytishicha, talon-toroj qilish orqali pulni tejash mumkin. Shu bilan birga, u Fransiyada irqchilik borligini iddao qilgan.
Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunes kecha, 19 oktyabr kuni politsiya ayrim yirik shaharlarda vaziyat ustidan nazoratni yo‘qotganini tan olgan. Uning aytishicha, yuzlab do‘konlar talon-toroj qilinganidan keyin savdogarlarga vaziyat nazorat ostida bo‘lganini aytish qiyin.
Vazir xavfsizlik kuchlarini safarbar etishda vaziyatni oldindan baholash va zarur choralarni ko‘rish borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini ham qayd etgan. Uning ma’lum qilishicha, 17 oktyabr kuni mamlakat bo‘ylab qariyb 60 ming politsiya xodimi va jandarm xizmat olib borgan. Biroq bu kuchlar namoyishlar atrofida to‘plangan katta guruhlarni nazorat qilish uchun yetarli bo‘lmagan.
Loran Nunes yetkazilgan zararni inobatga olib, iste’foga chiqishga tayyorligini bildirgan. Ammo Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron uning iste’fosini qabul qilmagan.


Minglab kishi hibsga olindi
Fransiya Adliya vaziri Jerald Darmanenning ma’lum qilishicha, dam olish kunlari tartibsizliklar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 2 ming 330 nafardan ortiq kishi politsiya nazoratiga olingan. Ularning 70 foizini voyaga yetganlar tashkil etadi.
Tartibsizliklar oqibatida xavfsizlik kuchlarining qariyb ming nafar xodimi jarohatlangan. Namoyishchilar orasida ham jarohatlanganlar bor. Ulardan birining qo‘li politsiya tomonidan ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish uchun qo‘llangan maxsus granata portlashi oqibatida uzilib ketgan.

Fransiya Savdo-sanoat palatasi rahbari Alen Di Kreschensoning baholashicha, mamlakat bo‘ylab 2 mingdan ortiq savdo nuqtasi zarar ko‘rgan. Yetkazilgan moddiy zarar yuzlab million yevroni tashkil etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya poytaxti Parijda namoyishchilar yashash xarajatlarining oshishiga qarshi noroziliklarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Luvr muzeyiga kirish yo‘llarini to‘sib qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.


Live
Barchasi