Jurnalist va operatorni kaltaklagan “mushtumzo‘r” ishdan olindi
3-sahifa
−
14 avgust 2023
25566Avvalroq “Ko‘prikqurilish” tresti UK tomonidan amalga oshirilayotgan Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgich qurilishi ob’ektida bir erkak Zo'rTV telekanali muxbiri va operatorining tasvirga olishiga to‘sqinlik qilib, kuch ishlatgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati holat yuzasidan huquq-tartibot organlarining jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilgan xodimga nisbatan qonunchilik normalariga asosan tegishli chora ko‘rishini qo‘llab-quvvatlaydi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati OAV vakillariga zo‘ravonlik ko‘rsatib, ularga qarshi kuch ishlatgan “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi 67-Ko‘prikqurilish otryadi ish boshqaruvchisi N.E.ning ishini keskin qoralaydi. Mazkur holat yuzasidan zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, bugunning o‘zida N.E. Mehnat kodeksining tegishli bandlariga asosan ishdan bo‘shatilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Gap shundaki, telekanal jurnalisti va operatori joriy yilning 12 avgust kuni aeroport yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini qulab tushishi sabablarini o‘rganishga borgan. Jarayon davomida unga korxona ish boshqaruvchisi N.E. keskin qarshilik ko‘rsatib, telekanal xodimlarini jarohatlagan hamda texnik buyumlarga shikast yetkazgan.
Shundan so‘ng, xolat yuzasidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuraturaga rasmiy murojaat yo‘lladi. Shuningdek, agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jarayon o‘rganilishi va xizmat tekshiruvlari natijalarini diqqat bilan kuzatib borishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida MY5 telekanali jurnalisti Nozimjon Teshayevni aholi murojaatini o‘rganish paytida bir erkak haqorat qilgandi. Erkak 5 sutkaga qamoqqa olingan.
LiveBarchasi